8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

02:08 / 10.05.2018 6513

Pompeo: Donald Tramp va Kim Chen Inning uchrashuv joyi aniq

Foto: TASS

AQSh prezidenti Donald Tramp va KXDR yetakchisi Kim Chen Inning uchrashuv joyiga kelgusi haftaning boshida aniqlik kiritiladi, degan AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo jurnalistlarga o‘zining Shimoliy Koreyaga ikkinchi safari yakunlariga bag‘ishlangan chiqishida. Bu haqida RIA Novosti xabar bermoqda.

«Sana, joy va vaqtga aniqlik kiritilgan. Biz buni kelgusi hafta boshida (e'lon — tah.) qilishga umid qilib turibmiz», — degan u o‘zining Yaponiyadagi Yokita harbiy bazasiga qo‘ngan samolyoti sahnida.

Pompeo shuningdek, muhokama etilishi talab etiladigan qo‘shimcha holatlar paydo bo‘lsa, Tramp va Kim Chen Inning uchrashuvi bir kundan ham ortishi mumkinligini aytib o‘tgan.

«Biz uchrashuvni bir kunga rejalashtirganmiz, yana muhokama etishga loyiq narsalar chiqsa uni ikkinchi kunga ham uzaytirishimiz mumkin», — degan u.

Pompeoning jurnalistlar bilan muloqotini Davlat departamenti tarqatgan.

AQSh prezidenti Donald Trampning o‘zi ham chorshanba kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan o‘z hukumati yig‘ilishida ikki davlat rahbarlarining uchrashuv joyiga uch kun ichida aniqlik kiritilishini aytib o‘tgan va gap KXDR va Janubiy Koreya o‘rtasidagi qurollanishdan xoli Panmunjom chegara punkti haqida ketmayotganini alohida ta'kidlagan, deb yozadi TASS.

Tramp amerika-shimoliy koreya sammitini o‘tkazish bo‘yicha rejalar barbod bo‘lishi mumkinligini ham rad etmadi. «Har qanday narsa barbod bo‘lishi mumkin. Ko‘p narsa yuz berishi mumkin, yaxshi narsalar ham, yomon narsalar ham», — degan u.

Lekin AQSh yetakchi «har ikki taraf kelishuvlarga erishishni istayotgani»ni ta'kidlab o‘tgan. «Menimcha bu juda muvaffaqiyatli kelishuv bo‘ladi. Fikrimcha, bizda uni muvaffaqiyatli yakunlash uchun hamma imkoniyatlar bor. Lekin ko‘p narsalar ham ro‘y berishi mumkin», — degan prezident.

Tramp shuningdek, Kim Chen Indan AQShning uch nafar fuqarosini tutqunlikdan ozod etganligi uchun minnatdor ekanligini ham aytib o‘tgan.

AQSh prezidenti Koreya Respublikasi prezidenti Mun Je In bilan ham amerikaliklarning ozod etilishini muhokama qilgan. «U ham bizga katta yordam berdi», — degan Tramp.

U AQSh va KXDR aloqalarini jiddiy va pozitiv deb baholagan. «Odamlar bizning Shimoliy Koreya bilan jiddiy va pozitiv muloqotlarimizni boshlab beruvchi vaziyat yetilishiga hech qachon ishonishmagan, lekin bu ro‘y berdi», — degan u.

Ilgariroq The Associated Press agentligi Tramp va KXDR rahbari Kim Chen In o‘rtasidagi uchrashuv Singapurda bo‘lib o‘tishini taxmin qilgan edi. Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, may oyi oxiri yoki iyun oyi boshlarida bo‘lib o‘tadigan ikki davlat rahbarlarining uchrashuv joyi bo‘lish uchun Singapur eng ehtimolli nomzod bo‘lib turibdi.

Top