16:12 / 11.05.2018
9127

Ma'muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni markazlashtirilgan tartibda hisobga olish tartibi belgilandi

Foto: Pixabay

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Ma'muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar va jabrlanuvchilarni markazlashtirilgan hisobga olish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ma'muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar va jabrlanuvchilarning markazlashtirilgan hisobini yuritish yuzasidan mas'ul organ etib belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat personallashtirish markazi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ma'muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar va jabrlanuvchilar to‘g‘risidagi ma'lumotlarning yagona markazlashtirilgan axborot tizimini (keyingi o‘rinlarda yagona markazlashtirilgan axborot tizimi deb ataladi) joriy etishga doir chora-tadbirlar rejasini bir oy muddatda ishlab chiqadi va tasdiqlaydi hamda ma'muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni hisobga olish axborot tizimining quyidagilarni hisobga olgan holda takomillashtirilishini ta'minlaydi:

yagona markazlashtirilgan axborot tizimiga ma'lumotlar onlayn rejimida, “Fuqarolarning biometrik hujjatlari elektron tizimi” orqali kiritilishi;

maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari qayd etgan huquqbuzarliklar yagona markazlashtirilgan axborot tizimiga elektron kompyuter tarmog‘i orqali taqdim etilishi;

ma'muriy huquqbuzarliklarga oid ishlar bo‘yicha javobgarlikka tortilgan shaxslar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni tekshirish hamda zarur axborot olish uchun elektron tartibda masofadan turib foydalanish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi;

ma'muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan jarimaga tortish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingandan so‘ng undirilgan jarima to‘lovlarini avtomatlashtirilgan tarzda billing tizimi yordamida yagona markazlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya qilish mexanizmi ishlab chiqilishi va tajriba testidan o‘tkazish orqali bosqichma-bosqich joriy etilishi;

ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga vakolatli organlar yagona markazlashtirilgan axborot tizimi elektron raqamli imzodan foydalangan holda identifikatsiyalash tizimi orqali yuritilishi;

elektron raqamli imzo vositalarini axborot xavfsizligi talablariga muvofiq sertifikatlash tizimi joriy etilishi;

yuklangan vazifalarning hajmiga ko‘ra, ma'lumotlarning markazlashtirilgan hisobini yuritishga mas'ul bo‘linmalarning tashkiliy-shtat tuzilmasi qayta ko‘rib chiqilishi;

yagona markazlashtirilgan axborot tizimini tajriba testidan o‘tkazishni joriy etishga doir tashkiliy tadbirlarni amalga oshirish yakunlariga ko‘ra ma'muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar va jabrlanuvchilarni hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha ikki oy muddatda takliflar kiritish.

Ma'muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar va ma'muriy huquqbuzarlik yo‘li bilan ma'naviy, jismoniy yoki mulkiy zarar yetkazilgan shaxslarni markazlashtirilgan hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, quyidagilar hisobga olishning asosiy prinsiplari hisoblanadi:

qonuniylik;
axborotning xolisligi, ishonchliligi va taqqoslanuvchanligi;
axborotdan ushbu Nizomda va boshqa qonun hujjatlarida belgilangan doirada foydalanilishi va ularning oshkoraligi;
hisobga olishning majburiyligi va bir xilligi.

Ma'muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar va jabrlanuvchilarning markazlashtirilgan hisobi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan yagona markazlashtirilgan axborot tizimini shakllantirish va yuritish orqali amalga oshiriladi.

Yagona markazlashtirilgan axborot tizimi, ma'lumotlarning hududiy va idoraviy bazalari cheklangan holda foydalaniladigan axborot resurslari hisoblanadi.

Yagona markazlashtirilgan axborot tizimi ma'lumotlarning hududiy bazalari asosida shakllantiriladi.

Ma'lumotlarning hududiy bazalari ma'lumotlarning idoraviy bazalari asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari tomonidan (keyingi o‘rinlarda ichki ishlar organlari deb ataladi) shakllantiriladi.

Ma'lumotlarning idoraviy bazalari hisobga olish hujjatlari asosida vakolatli organlarning hududiy bo‘linmalari tomonidan shakllantiriladi.

Qarorga muvofiq ma'muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar va jabrlanuvchilarni hisobga olish jurnali yuritiladi. Mazkur ma'lumotlar jazoni ijro etish muddati tugagan kundan boshlab bir yil mobaynida saqlanadi. Markazlashtirilgan bazadagi ma'lumotlar foydalanish cheklangan axborot tizimi hisoblanib, ulardan faqat vakolatli shaxslar foydalanishi mumkin.

Top