23:09 / 11.05.2018
7384
Hokimlarning huquqiy bilimlarini boyitish va 4 mayni NNT erkinligi kuni deya e'lon qilish taklif etildi

Nodavlat notijorat tashkilotlar uylarida nafaqat NNT vakillarini, balki davlat idoralari vakillarini ham o‘qitish zarur. KUN.UZ muxbiri 11 may kuni Xalqaro Press-klubning "Nodavlat notijorat tashkilotlar: Muammolarning chuqur tahlili, islohotlarning yangi bosqichi va yangi imkoniyatlar maydoni" mavzuidagi sessiyasi doirasida mahalliy NNT vakillarining so‘zlariga asoslanib, shu haqida ma'lum qildi.

"Viloyatlardagi nodavlat notijorat tashkilotlar uylarida faqat NNT vakillarinigina emas, balki qonunchilikni yaxshi bilmagan davlat idoralari vakillarini ham jalb qilib, o‘quv kurslarini tashkil qilish zarur. Maslahat kengashi muntazam ravishda muammolarni ko‘tarib chiqadi, chunki uning vazifasi - muntazam ravishda axborot yetkazish, muammolarni prezidentga taqdim etib borish, bu esa o‘ziga xos mas'uliyat yuklaydi. Kengash a'zolari faqat o‘zlari emas, balki imkon qadar barcha NNTni jalb qilgan holda muhokamalar o‘tkazishi lozim. Kengash a'zolari safida nafaqat nodavlat notijorat tashkilotlar, balki vazirlik idoralari, hukumat a'zolari va prezident davlat maslahatchilaridan iborat tarkib bu muammolarni ko‘rsata olishimiz va eng asosiysi, ularning hal qilinishiga erishishga ko‘proq imkon yaratishimiz kerak", - deydi "Taraqqiyot strategiyasi" markazi direktori Akmal Burxonov.

Foto: Xalqaro Press-klub

Ekspertning bu so‘zlarini Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xo‘jayeva ham qo‘llab-quvvatlab quyidagi takliflarini bayon etdi:

Foto: Xalqaro Press-klub

"Bizning institut ekspertlari taklifidan kelib chiqib, nafaqat nodavlat notijorat tashkilotlari, balki hokimlarni ham nodavlat notijorat tashkilotlarga bo‘lgan munosabatlarini o‘zgartirish, ularning huquqiy bilimlarini boyitish uchun o‘qitish kerak. Zero NNT nima ekanini yaxshi bilmaslik, hokimlar tomonidan bunday tashkilotlarga noto‘g‘ri munosabat qilinishi qonunni bilmaslikdandir. Maslahat kengashi hokimlarni o‘qitish va ularning NNTlarga munosabatini o‘zgartirishda o‘z hissasini qo‘shadi".

Ta'kidlash joizki, bugun o‘tgan NNT vakillari uchrashuvi bu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi ko‘plab xodimlarni bir maydonga to‘pladi. Ular Prezidentning "Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni ular uchun o‘ziga xos bayram bo‘lgani, bu kelgusida nodavlat notijorat tashkilotlar rivoji uchun xizmat qilishini ta'kidlashdi.

Foto: Xalqaro Press-klub

"Men mazkur farmonni O‘zbekistondagi tarixiy qadam degan bo‘lardim, - deya fikr bildiradi "Mintaqaviy muloqot" xalqaro tashkiloti rahbari Myusha Sever. - Maslahat kengashi oldida turgan muhim vazifalardan biri hukumat bilan qanday muloqot qilishdadir. O‘z o‘rnida, hukumat ham NNTlar bilan qanday muloqot qilishni o‘rganishlari muhim. O‘ylashimcha, bugungi dastlabki bunday muloqot katta ahamiyatga ega va kelgusida bunday muhokamalar tez-tez bo‘lib turadi. Barcha kasb egalarining o‘z bayramlari, kunlari bor. Shunday ekan, nima uchun biz Qonunchilik hukumati va Prezident ma'muriyatiga 4 may (farmon imzolangan kun)ni NNT mustaqilligi, erkinligi kuni deb e'lon qilish taklifini bermasligimiz kerak?! Shu bilan birga, axborot-kommunikatsion texnologiyalar rivojini ham qayd etish kerak. Bu faqat O‘zbekistonda emas, balki butun dunyoda kuzatilmoqda. Ayni damda O‘zbekiston buni tushunayotgani va bu yo‘nalishda ishlar olib borayotgani juda muhim".

Top