23:32 / 11.05.2018
24967

Tamaki va spirtli ichimliklar eng xavfli giyohvand moddalar deb topildi

Foto: belchonock

Tamaki va spirtli ichimliklar sayyoramiz aholisi salomatligi uchun eng xavfli substansiyalar bo‘lib chiqdi. Narkologlar Addiction nashrida chop etilgan maqolada ta'kidlashlaricha, bu substansiyalar tobelik keltirib chiqaruvchi boshqa moddalarga qaraganda odamlar hayotini ko‘proq olib ketar ekan.

“Sayyoramizning har beshinchi katta yoshli vakili har oy bir marta bo‘lsa ham jiddiy ichkilikbozlikda ishtirok etadi, har yettinchi kishisi esa har kuni tamaki chekadi. Bu ikki modda saratonga chalinish yoki erta yoshda o‘lish imkoniyatlarini oshiradi. Qolgan giyohvand moddalar bir necha marta kamroq iste'mol qilinadi”, deb yozgan Sidneydagi Yangi Janubiy Uels universiteti olimi Emi Pikok va uning hamkasblari.

Olimlar oxirgi yillarda spirtli ichimliklar nafaqat jigarni barbod qilishi va og‘ir ruhiy va fiziologik tobelikni keltirib chiqarishi, balki saraton, qand kasalligi va boshqa ko‘plab og‘ir kasalliklarning rivojlanishiga sabab bo‘lishiga ko‘plab dalillarni topishgan. Xuddi shunday salbiy jihatlar tamakida ham topilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti statistikasiga ko‘ra, ichkilikbozlik va tamaki chekish har yili mos ravishda 3,5 va 5 mln kishining hayotiga zomin bo‘ladi, bu esa avtohalokatlar va saratonning ba'zi turlari qurbonlari soniga yaqin. Bugungi kunda olimlar barcha davlatlar hukumatlarini spirtli ichimliklar va tamakini og‘ir giyohvand moddalarga tenglashtirishga va ularning iste'moli va savdosini taqiqlashga chaqirishmoqda.

Pikok va uning hamkasblari JSST va boshqa ilmiy guruhlar mutaxassislari oxirgi bir necha o‘n yillar davomida to‘plashgan statistikani tahlil qilib, yuqoridagi tasdiqlarni tekshirib ko‘rishdi. Tadqiqotda umumiy hisobda dunyoning turli burchaklarida yashovchi bir necha o‘n millionlab kishilar ishtirok etgan.

Ma'lumotlarni bir-biriga taqqoslash, eng ko‘p umrni tamaki olib ketishini ko‘rsatgan – vafot etganlarning 100 mingdan 110 nafari tamaki chekish va u bilan bog‘liq muammolar sababli hayotdan ko‘z yumgan. Spirtli ichimliklar esa tamakidan taxminan 3 marta, barcha giyohvand moddalar esa yana 10 marta kamroq hayotlarni olib ketar ekan. Spirtli ichimliklardan Yevropa aholisi, tamaki chekishdan Okeaniya va Janubiy Sharqiy Osiyo aholisi ko‘proq aziyat chekar ekan.

Bu muammolar aslida ancha jiddiy bo‘lishi mumkin, chunki Osiyo va Afrikaning nochor davlatlaridagi tamaki chekuvchilar, piyanistalar va narkomanlar hamda ularning o‘limi bo‘yicha ma'lumotlar yo‘q. Bu davlatlarda ushbu mahsulotlarning iste'moli ko‘pincha o‘lim jazosi yoki umrbod qamoq jazosi bilan jazolanishi tamaki chekish, ichkilikbozlik va giyohvandlik epidemiyalarining asl ko‘lamlarini baholashga imkon bermasligi qo‘shimcha muammolar tug‘diradi.

Olimlarning aytishicha, har qanday vaziyatda ham yuqoridagi ma'lumotlar tamaki va spirtli ichimliklar opiatlar va boshqa giyohvand moddalardan ko‘proq sayyoramiz aholisi salomatligiga xavf solishidan darak beradi. Olimlarning fikricha, bularning barchasini siyosatchilar va JSST mutaxassislari giyohvandlik va zararli odatlarga qarshi kurash bo‘yicha qonunlar va kampaniyalarni tayyorlashda hisobga olishlari lozim. 

Top