01:03 / 11.05.2018
8088
“O‘zbekcharmsanoat” uyushmasi raisining ochiq muloqoti

Joriy yilning 3 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev  «Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishni yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi  qarorga imzo chekdi.  Aytish kerakki, mazkur qaror soha vakillari tomonidan iliq kutib olindi. Ayniqsa, qarorda belgilangan imkoniyatlar va imtiyozlar tadbirkorlarning kayfiyatini chandon ko‘tarib yubordi. Yangi qarorga ko‘ra, “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi endilikda “O‘zbekcharmsanoat” uyushmasiga aylantirildi.

Namangan shahrida “O‘zbekcharmsanoat” uyushmasi raisi Sardor Umrzoqov Andijon ,Farg‘ona va Namangan viloyatlaridagi soha tadbirkorlari bilan ochik muloqot o‘tkazdi. Bundan ko‘zlangan maqsad qaror mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish, ularga amaliy yordam berish. KUN.UZ muxbiri mazkur muloqotda ishtirok etdi. Dastavval, “O‘zbekcharmsanoat” uyushmasi raisi  Prezident qaroriga izoh berdi.

“Yangi tizim joriy bo‘lmoqda. Biz yangi tizimda qanday ishlab ketamiz? Qonunning to‘rtinchi bandiga katta yangilik kiritilgan. Bu bizning juda katta yutug‘imiz, juda katta narsaga erishdik. 1 iyundan boshlab charm sotuvchidan kredit olish uchun hujjatlar talab qilib olishimiz bekor qilindi. Ochiq gaplashadigan bo‘lsak, shu talablar tufayli, mavjud xomashyoning uchdan bir qismi “yo‘q bo‘lib” qolardi. Sirdaryo viloyatiga davlatimiz rahbari tashrif buyurganda, bizga topshiriq bergandilar. Endilikda shu asosda yangi konsepsiya ishlab chiqmoqdamiz.”

Samimiy muloqot tarzida kechgan suhbatda tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolarga atroflicha to‘xtalib o‘tildi. Muammolar yechimi bo‘yicha uyushma raisi mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi. 

Muloqot chog‘ida “O‘zbekcharmsanoat” uyushmasi raisi  ochiq muloqotlar bundan buyon muntazam tashkil etilishini, muammolarga joyida yechim topilishini, yangi g‘oya va takliflar bo‘yicha fikr almashib turishini ta'kidladi. 

“Mana shu qarorda nazarda tutilgan masalalar, jumladan, korxonalarni ko‘llab-quvvatlash maqsadida  soliq imtiyozlari, bojxona imtiyozlari haqida “O‘zbekcharmsanoat” uyushmasi rahbari tomonidan tushuntirish berildi. Qiziqtirgan barcha savollarga javob berildi. U yerda nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini oladigan bo‘lsak, kichik korxonalar 2023 yilgacha soliqlardan ozod qilindi. Eksport masalasidagi tadbirkorlarning  muammolari eshitildi.” – deya ta'kidladi uyushma boshqarma boshlig‘i Mirsaid Zohidov.

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev har bir soha rivoji uchun katta islohotlarni boshlagan. Ularning samarasi esa odamlar hayotida aks etadi, deb umid qilamiz!

Top