09:47 / 12.05.2018
11905

Allergik kasalliklarga tashxis qo‘yish va ularni davolash bo‘yicha jiddiy kamchiliklar belgilab berildi

Foto: Shutterstock

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Allergik kasalliklarni profilaktika qilish, ularga tashxis qo‘yish va davolashni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Qayd etilishicha, erishilgan ijobiy natijalarga qaramay, allergik kasalliklarga tashxis qo‘yish, ularni davolash hamda profilaktika qilish sohasida jiddiy muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Xususan:

birinchidan, allergologiyaning fundamental va amaliy asoslari amaliy tibbiyotdan ajralgan holda rivojlanishi prinsipial yangi, molekulyar darajada allergik kasalliklarga tashxis qo‘yish va davolashning zamonaviy usullarini amaliyotga keng joriy etishga hamda qo‘llashga yetarlicha e'tibor qaratish imkonini bermayapti;

ikkinchidan, tibbiyot muassasalarini davolash-diagnostika allergenlari bilan ta'minlashdagi kamchiliklar tibbiyot amaliyotida antibiotiklar, antigistamin va gormonal dori vositalarining asossiz ravishda keng qo‘llanilishiga olib kelmoqda;

uchinchidan, joylarda allergik kasalliklarning birlamchi va ikkilamchi oldini olish, ixtisoslashgan allergologik yordamni ta'minlash borasida zarur chora-tadbirlar ko‘rilmayapti, oqibatda bemorlar viloyat markazlarida va respublikaning poytaxtida davolanishga majbur bo‘lmoqdalar;

to‘rtinchidan, mazkur sohada kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi zamon talablariga javob bermaydi, buning oqibatida tibbiyot muassasalarini malakali vrach-allergolog va immunologlar bilan to‘ldirish qoniqarsiz ahvolda qolmoqda;

beshinchidan, axborot to‘plash, tahlil qilish va almashish, ishonchli statistik hisobot yuritishning samarali mexanizmi yo‘lga qo‘yilmagan, allergologik yordam ko‘rsatish sohasida tibbiyot muassasalarining ixtisoslashgan bo‘limlarini nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha yagona tizim mavjud emas;

oltinchidan, tibbiyot muassasalarining, jumladan, Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazining moddiy-texnik bazasi, zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlanganlik darajasi allergik kasalliklarga samarali tashxis qo‘yish va ularni davolash imkonini bermaydi.

Top