22:00 / 13.05.2018
11313
«Manchester Siti» tarixiy g‘alabaga erishdi. Yana yangi rekordlar
Foto: Premer liga

«Manchester Siti» Angliya premer-ligasining oxirgi turida «Sauthempton»ga qarshi o‘ynab, qo‘shimcha daqiqalarning oxirgisida gol urib, 1:0 hisobidagi g‘alabaga erishdi. Bu g‘alabadan keyin jamoa mavsumda yig‘ilgan ochkolari sonini 100 ochkoga yetkazdi. Bu esa premer-liganing yangi rekordidir.

Shuningdek, «Siti» bir mavsumdagi g‘alabalar soni bo‘yicha (32) hamda urilgan gollar soni bo‘yicha (106) ham rekord o‘rnatdi. Xosep Gvardiola shogirdlari mavsum davomida 16 safar uchrashuvida g‘alaba qozondi, bu ham rekord natija hisoblanadi.

Turnir jadvalida ikkinchi o‘rinni «Siti»dan 19 ochko ortda qolgan «Manchester Yunayted» egalladi - rekord. Bu borada avvalgi rekordchi jamoa «Manchester Yunayted» bo‘lgandi (18 ochkolik farq), o‘shanda 1999/2000 yilgi mavsumda manchesterliklar 91 ochko bilan birinchi o‘rinni egallagan, eng yaqin ta'qibchi «Arsenal»da 73 ochko bor edi.

Keyingi mavsumda Chempionlar ligasida uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni egallagan «Tottenhem» va «Liverpul» ishtirok etadi. Beshinchi o‘rinda qolgan «Chelsi» Yevropa Ligasida ishtirok etadi.

Mavsum yakunlariga ko‘ra oxirgi 3 o‘rinni «Suonsi», «Stok» va «Vest Bromvich Albion» egalladi va bu jamoalar premer-ligani tark etdi.

«Manchester Siti» premer-liga g‘olibligini aprel oyi o‘rtasidayoq, hali mavsum yakuniga 5 tur borligida rasmiylashtirgandi.

«Siti» o‘z tarixida beshinchi marta liga chempioni bo‘lmoqda. Shundan 3 chempionlik oxirgi 6 yil ichida qo‘lga kiritilgan.

Bir mavsumda eng ko‘p ochko yig‘ish bo‘yicha avvalgi rekord «Chelsi»ga tegishli bo‘lgandi: 2004/2005 yilgi mavsumda londonliklar jamoasi 95 ochko jamg‘argan.

Angliya chempionati
30-tur
Sauthempton – Manchester Siti 0:1
(0:0, 0:1)
Gol: 0:1 – 90 Gabriel Jyezus.
Sauthempton – Makkarti, Stivens, Xudt, Bertran (Makkuin, 81), Yosida, Romeu, Tadich, Redmond (Uord-Prouz, 64), Xeyberg, Soaresh, Ostin (Long, 64).
Manchester Siti – Bravo, Laport, Stounz, Danilo, Bernardu Silva (Braim Dias, 78), de Bryuyne, Sterling, Gyundogan (Foden, 82), Sane, Fernandino, Delf (Gabriel Jyezus, 59).
Ogohlantirishlar: Uord-Prouz (71), Soaresh (90), Xeyberg (90), Gabriel Jyezus (90).

Top