11:45 / 15.05.2018
16654

BIG Agro kompaniyasi Mirishkorda eksportbop qalampir yetishtirayotgani haqida hikoya

O‘zbekistonda eksportbop qishloq xo‘jaligi ekinlari ekish, xususan, sabzavot yetishtirish, ularni yaqin va uzoq xorijiy davlatlarga eksport qilish — bugungi kunning eng dolzarb va ustuvor vazifalaridan bo‘lib turibdi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar asosida agrar sektorni isloh qilish, ekinlarni klaster usulida ekish bilan shug‘ullanayotgan yangi kompaniyalardan biri — «Brand Investment Group» kompaniyalar guruhidir.

«Brand Investment Group» kompaniyalar guruhining har bir viloyatda qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadigan sho‘'ba korxonalari mavjud.

Biz ana shunday sho‘'ba dehqon xo‘jaliklaridan biri — Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan «BIG Agro» MChJ tomonidan yetishtirilayotgan sabzavotlar, ularning yetishtirilish jarayoni bilan yaqindan tanishish va ishlar qay yo‘sinda tashkil etilganligini ko‘rib qaytdik.

«Brand Investment Group» kompaniyalar guruhi sho‘'basi — «BIG Agro» MChJ faoliyatining asosiy yo‘nalishi — jahon andozalariga mos keluvchi, sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirib, qayta ishlab, xalqaro standartlarga mos qadoqlab, eksportga chiqarish.

Shu paytgacha kompaniya asosan turli xil salatlar — aybserg, brokkoli, pekinka, romano, rukkoloni yetishtirib, uni asosan Rossiya Federatsiyasi bozorlarida sotib kelgan. Bundan tashqari, Farg‘onaning Quva shahridagi logistika markazida 28 xil parametrga ko‘ra gilos saralanadi va chiroyli o‘ramlarga solinib, eksport qilinadi. Gilos asosan Xitoy, Janubiy Koreya va Yaponiyaga yetkaziladi.

Kompaniyaning yong‘oq mag‘zi, yeryong‘oq, dukkakli o‘simliklar mevasini ham saralab, eksportga tayyorlaydigan korxonalari mavjud. Turkiyadan keltirilgan uskunalar yordamida mahsulotlar tozalanadi, saralanadi va quritiladi. Mahsulotlar asosan BAA, Kuvayt, Bahrayn kabi arab davlatlari, dukkakli o‘simliklar mevasi Shri Lanka, Hindiston, BAA, Indoneziya va Malayziya kabi davlatlarga yetkazilmoqda. Kompaniya kovrak o‘simligini qabul qilib, qayta ishlashni ham yo‘lga qo‘ygan.

Kompaniyaning 2017 yilda tuzilgan biznes rejaga asosan achchiq qalampir yetishtirish bo‘yicha ish boshlandi. Bahorning mart oyi boshlarida plyonka ostiga Hindistondan Kayan gibridli navini olib kelib qadab, 78 ga maydonda ko‘chat yetishtirilmoqda. O‘zbekistonda ilk bor yetishtirilayotgan ushbu garmdori shunisi bilan farqlanadiki, o‘zimizning mahalliy garmdorilarga qaraganda uning achchiqlik darajasi 10-12 marta ortiqroq.

«May oyini boshlariga ko‘chatlarimiz unib chiqdi, hozir uni uzib, boshqa ekin maydonlariga ko‘chirib, ekib chiqmoqdamiz. Mirishkor tumanida 2000 gektar maydonda achchiq qalampirni o‘zimiz yetishtiramiz.

Bundan tashqari qalampir ko‘chatlarini shu tumandagi va qo‘shni tumanlardagi boshqa fermerlarga ham sotmoqdamiz. Ular ekib, o‘simlikni undirib hosilni yig‘ib berishadi, ular tomonidan yetishtirilgan hosilni ham o‘zimiz xarid qilamiz.

Fermer xo‘jaliklariga ko‘chat berilgach, uni ekish, parvarishlash bo‘yicha mutaxassisni o‘zimiz jalb qilamiz. Kerakli mineral o‘g‘itlar va boshqa dori vositalari bilan ta'minlab boramiz. Bundan tashqari, Hindistondan kelgan mutaxassis ikki hafta bir marta ko‘chatlarning ahvolidan xabar olib, o‘zining kerakli maslahatlarini berib turadi», — dedi biz bilan suhbatda «BIG Agro» MChJ ish yurituvchisi Bobur Abdumavlonov.

«Brand Investment Group» tomonidan Qashqadaryoda «BIG Agro Cluster» korxonasiga asos solingan. Klaster usulida o‘zimiz mahsulot ekib, parvarishlab, yetishtirib to uni xorijga eksport qilishgacha bo‘lgan jarayonni qamrab olamiz. Mana shu yangi korxonaning ishga tushishi natijasida birgina Mirishkor tumanida 4 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Bundan tashqari, Qashqadaryoning har bir tumanida o‘zimizning firmalarimizni ochdik.

Eng hayratlanarlisi, ishchilar butun vegetatsiya va hosil yig‘ishtirish davrida mehnat bilan band bo‘lishadi va sovuq fasllardagina mehnat bilan band bo‘lishmaydi.

«Dalada ishlar mart oyidan noyabr oyiga qadar davom etadi. 3 mingdan ziyod mahalliy aholi doimiy ish bilan band. Ularga tekin tushlik tarqatiladi. Ulardan tashqari Farg‘ona vodiysidan mingdan ziyod mirishkor dehqonlarni shu ishga jalb qilganmiz», — dedi Bobur.

«Qashqadaryo nisbatan issiq viloyat hisoblanadi. Kunlar ham borgan sari isib bormoqda, bu yerlarga ilk bora ekilayotgan ko‘chatlar amal olib ketyaptimi?» — deb qiziqib so‘raymiz ish boshqaruvchidan.

B.Abdumavlonovning aytishicha, qalampir ko‘chatlarining amal olish ko‘rsatkichi 98 foizga teng.

Biz Mirishkor tumanining 100 gektardan ortiq maydonida aysberg karamlari yetishtirilayotganini ham o‘z ko‘zimiz bilan borib ko‘rdik.

«BIG Agro» tomonidan Mirishkor tumanida yetishtirilayotgan salatlarni asosan Rossiya Federatsiyasidagi McDonald’s va KFC kabi zudtar taom tayyorlash tarmoqlari xarid qiladi.

Karamlar uzib olingach, ehtiyotkorlik bilan yashiklarga joylanadi va Qarshi shahridagi logistika markaziga olib boriladi. U yerda ular yana saralanib, tozalanib eksportga jo‘natiladi.

Quyida «BIG Agro» tomonidan Qashqadaryo viloyati dalalarini qayta ishlash jarayoni aks ettirilgan videolavhani tomosha qilishingiz mumkin.

Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.

Top