21:50 / 15.05.2018
71311

Putin «KamAZ» minib, Qrim ko‘prigini ochib berdi. Loyiha haqida asosiy faktlar

Bugun, 15 may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin «KamAZ» ruliga o‘tirgan holda qurilish transportlari kolonnasini boshqarib, qurib bitkazilgan Qrim ko‘prigining avtomobillar uchun mo‘ljallangan qismidan yurib o‘tdi va ko‘prikni rasman ochib berdi.

Shuningdek, Putin 19 kilometrli ko‘prik bo‘ylab 16 daqiqa harakatlanib, Qrimga yetib borgan. Ko‘prikning ikkinchi tomonida konsert dasturi tashkil etilgan, Rossiya prezidenti va delegatsiya ushbu tadbirda ishtirok etdi. Putin ko‘prikning ochilishini tarixiy voqea sifatida e'tirof etdi. 

«Barchangizni bu tarixiy kun bilan tabriklayman. Chunki, turli davrlarda, podshohlar davrida ham odamlar bu ko‘prik qurilishini orzu qilishgan. O‘tgan asrning 30-yillarida ham, 40-yillarida, 50-yillarida bu masala ko‘tarilgan. Mana nihoyat, sizning mehnatlaringiz evaziga bu loyiha amalga oshdi, bu mo‘'jiza ro‘y berdi.

Biz bundan keyin ham butun mamlakat bo‘ylab shunday loyihalar ustida ishlashda davom etamiz. Butun mamlakat bo‘ylab», degan Putin yig‘ilganlar qarshisida.

Foto: TASS, Sergey Bobylev
Foto: TASS, Sergey Bobylev
Foto: TASS, Sergey Bobylev
Foto: TASS, Sergey Bobylev

 

Ko‘prik jamoat transportlari va boshqa yengil avtomobillar uchun bir kundan keyin to‘liq ochiladi. Ko‘prikda soatiga 90 kilometr tezlikkacha harakatlanishga ruxsat etiladi.

19 kilometrlik Qrim ko‘prigi — Rossiyadagi eng uzun ko‘prikdir. Bosh pudratchi «Stroygazmontaj» loyiha qiymatini 228,3 milliard rublga (3,7 milliard dollar) baholagan.

Foto: TASS, Sergey Malgavko

Ko‘prik bir kunda 40 ming avtomobil hamda 47 poyezd sostavi o‘tkazish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Ko‘prik bo‘ylab yiliga 14 million yo‘lovchi qatnashi va 13 million tonna yuk tashilishi mumkin bo‘ladi.

Ko‘prik qurilishi 2016 yil fevralida boshlangandi. Shartnomaga ko‘ra, ko‘prikning avtomobil yo‘li qurilishi 2018 yilning dekabrida tugallanishi mo‘ljallangandi.

Foto: TASS, Sergey Malgavko

Rossiya hukumati Kerch bo‘g‘ozi ustida qurilgan ushbu ko‘prikni Qrimni Rossiya bilan bog‘lab, yarimorolning iqtisodiy rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar ochishiga ishonch bildirgan.

Ko‘prikda avtomobillar uchun mo‘ljallangan 4 polosali magistral yo‘l bilan bir qatorda, ikki qatorli temir yo‘lni ham o‘z ichiga oladi. Temir yo‘l 2019 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Qurilish tarixi

Kerch bo‘g‘ozi ustida 19 asrning 70-yillarida britaniyalik muhandislar paydo bo‘lgandi, ammo turli murakkabliklar bu ko‘prik qurilishini kechiktirib kelgan.

20 asr boshida imperator Nikolay II ham bu g‘oyaga qaytadi, ammo avval rus-yapon urushi, keyin Birinchi jahon urushi boshlanib qolishi oqibatida bu loyiha amalga oshmaydi.

Ikkinchi jahon urushi vaqtida fashistlar Germaniyasi rahbari Adolf Gitlet Kerch bo‘g‘ozi ustidan ko‘prik qurib, harbiy texnikalarni tezlik bilan Kavkazga olib o‘tishga ko‘rsatma beradi. Ammo Qizil armiya Qrimga bostirib kelib, hududni qaytarib olishi natijasida qurilish ishlari to‘xtab qoladi.

Ko‘p o‘tmasdan sovet muhandislari ishga kirishadi, 1944 yilda ular qisqa vaqt ichida Kerch bo‘g‘ozi ustidan ko‘prik o‘tkazishadi, ammo qishda ko‘prik tayanchlari muzlab, keyin buzilib ketadi.

Shundan so‘ng, SSSR rahbariyati bu ko‘prik qurilishi loyihasidan voz kechgan, uning o‘rniga paromlar uchun kechuv quriladi - u 1954 yilda ochiladi.

2010 yilda esa Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev va Ukraina rahbari Viktor Yanukovich o‘rtasida ko‘prik qurilishi bo‘yicha memorandum imzolanadi. O‘shanda ko‘prik qurilishi 1 milliard dollarga baholangandi.

 

Foto: TASS
Top