09:12 / 15.05.2018
35355

Turkiya G‘azoda halok bo‘lganlar xotirasiga 3 kunlik motam e'lon qildi. AQSh va Isroildagi elchilar ortga chaqirtirildi

50 dan ko‘proq falastinlik halok bo‘lgan G‘azo sektorida yuzaga kelgan vaziyat sababli Turkiya rahbariyati AQShdagi va Isroildagi elchilarini ortga chaqirtirib oldi va mamlakatda halok bo‘lganlar xotirasiga 3 kunlik motam e'lon qildi. Bu haqda 14 may kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ma'lum qildi.

“Falastinlik og‘a-inilarimiz bilan birdamlik sifatida G‘azoda isroillik harbiylar bilan to‘qnashuvlarda halok bo‘lganlar xotirasiga Turkiyada ertangi kundan 3 kunlik motam e'lon qilinadi”, deb aytgan Erdo‘g‘an.  

Erdo‘g‘an, shuningdek, bir qator jahon yetakchilari, birinchi navbatda Falastin yetakchisi Mahmud Abbos va BMT bosh kotibi Antoniu Guterresh bilan muzokaralar o‘tkazmoqchiligini aytgan.

Turkiya prezidenti, shuningdek, Islom hamkorlik tashkilotining favqulodda sammiti chaqirtirilishini ma'lum qildi. 

Avvalroq Mahmud Abbos G‘azoda halok bo‘lganlar xotirasiga Falastinda 3 kunlik motam e'lon qilgandi. 

Mavzu
G‘azo sektorida yangi mojaro

14 may kuni AQSh Quddusda elchixonasi ochilishiga javoban G‘azo sektorida falastinliklar norozilik namoyishlari o‘tkazishdi. Natijada Isroil harbiylari bilan qurolli to‘qnashuvlar kelib chiqib, 40dan ortiq falastinlik halok bo‘ldi.

Barchasi
Mavzuga oid
Top