18:26 / 16.05.2018
21090

Qirg‘izistonlik deputatlar Atamboyev va Jeenbekovni «so‘roqqa» chaqirishmoqchi

Foto: Knews

Bugun, 16 may kuni Qirg‘iziston Jogorku Keneshi Bishkek IESda ro‘y bergan avariya sabablarini o‘rganish bo‘yicha deputatlik komissiyasi xulosasini, shuningdek, uni modernizatsiya qilish uchun ajratilgan kreditning sarflanishi holatini muhokama qilishni davom ettirdi. Bu haqda Knews xabar tarqatdi.

QSDP fraksiyasidan deputat Riskeldi Mombekov JK deputatlari oldiga QR sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev hamda davlatning amaldagi rahbari Sooronbay Jeenbekovni «so‘roqqa» chaqirishni taklif qildi.

«Xalq kim kredit pullarini o‘ziga olib qolganini ko‘rmoqda. Biz hukumatni ayblamoqdamiz, bu yerda esa, bizning oramizda korrupsiyaga aloqadorlar o‘tiribdi, masalan, Qodirqulov va Muratbekov. Deputatlar orasida juda boylari bor, ularning o‘zi o‘nta IESni qurishi mumkin. Biz kimning puli qayerdan kelganini juda yaxshi bilamiz», - dedi u. Uning qo‘shimcha qilishicha, IESdagi avariyada odamlar haqiqatni bilib olishdi. «Nasosga rahmat, unga orden berish kerak. Aynan u tufayli biz avariya haqida bildik», - degan u.

Shu bilan birga, uning hamkasbi, QSDP fraksiyasidan deputat Asal Koduranovaning ma'lum qilishicha, IESdagi vaziyatga QR sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevni aybdor qilib qo‘yishmoqchidek tasavvur uyg‘onmoqda. U Mombekovni qo‘llab-quvvatlab, JK yig‘ilishiga QR prezidenti Jeenbekov va Atamboyevni taklif qilishni so‘radi.

«Atamboyevning aybi nimada? U grantlar va kreditlarni jalb qilganidami? Unda hozirgi prezident Sooronbay Jeenbekov yangi grantlarni jalb qilish va yo‘llarni qurishdan oldin bu haqda yaxshilab o‘ylab ko‘rishi kerak, u ham keyin bunga javob beradi. Jeenbekov va Atamboyevdan buni so‘rashga qurbingiz yetadimi? Deputatlar o‘zini bunday tutishi noto‘g‘ri. Xitoy ertaga qandaydir bayonot bersachi? Bishkekdagi yo‘llarni grant hisobidan qurayotganimiz ma'lum qilinadi. Kim biz bilan ishlashni xohlaydi? Bir tomonlama fikr bo‘lmasligi uchun IESning modernizatsiyasiga aloqador bo‘lgan barchadan so‘rash kerak», - deya aytib o‘tdi u.

QR sobiq bosh vaziri Sapar Isoqov deputatlarning savollariga javob qaytarib, Atamboyev bosim o‘tkazmagani va bir kompaniya manfaatlarini ilgari surmaganini bir necha marta takrorlab o‘tdi.

Isoqovning so‘zlariga ko‘ra, Atamboyev faqat IES modernizatsiyasi bo‘yicha ishlarni o‘ziga olmoqchi bo‘lgan kompaniyaga oid takliflarni ko‘rib chiqishni so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq rossiyalik ish beruvchilar Qirg‘iziston fuqarolaridan 114 mln rubl qarz bo‘lib qolgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid
Top