22:07 / 16.05.2018
54471
Qisqa muddatli kuchli yomg‘ir Jomda sel kelishiga sabab bo‘ldi - fotolar

2018 yil 15 may kuni Samarqand viloyatining Nurobod tumani, Qashqadaryo viloyatining Kitob va Dehqonobod tumanlarida qisqa muddatli kuchli yomg‘ir yog‘ib o‘tdi. Qisqa muddatli kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida, «Samarqand-Qarshi» avtomobil yo‘lining tagidan o‘tgan quvurlarga yomg‘ir suvi bilan oqib kelgan shox-shabbalar tiqilib qolgan va yomg‘ir suvi yo‘lning ustki qismidan o‘tganligi xabar qilinadi ichki ishlar vazirligi rasmiy veb saytida.

Biz Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi Jom qishlog‘ida bo‘ldik. Bu yerda 15 may kuni soat 20:00 lar atrofida Jom soyi bo‘ylab kelgan sel «Samarqand-Qarshi» avtomobil yo‘liga kelib tiqilib, 21 ta xonadon va atrofdagi inshootlarni suv bosishiga sabab bo‘lgan.

Biz Jom qishlog‘iga borganimizda sel oqibatlari FVV qutqaruvchilari tomonidan bartaraf etilayotgan edi.

Sel oqibatida jabrlanganlardan biri Sobir Saydullayevning uyi to‘liq toshqin ostida qolgan. Uyning old devor sel bosimiga dosh bera olmasdan nuragan. Og‘ilidagi uch bosh qoramoli nobud bo‘lgan. Sel ikki avtomashinani ham oqizib, ularga jiddiy shikast yetkazgan.

«Suv kutilmaganda juda shiddat bilan keldik, bola chaqani olib chiqib, jonni saqlab qolishga ulgurdik. Faqat yangamiz loyqa suv yutdi. Hozir shifoxonada. Ahvoli qoniqarli», — dedi S.Saydullayev.

Sobir akaning aytishicha, uyiga birinchi marta sel kirishi emas. Uning uyi «Samarqand-Qarshi» yo‘liga eng yaqin va pastlikda joylashgan. U ikki yildan beri katta yo‘l ostidagi sel o‘tkazuvchi quvur kengaytirilishini talab qilib, respublika idoralariga murojaat qilib kelganligini alohida ta'kidladi.

Kun.uz’ga kelib tushgan ma'lumotlarga ko‘ra, kecha bo‘lib o‘tgan kuchli yomg‘ir natijasida Samarqand tumanining Ohalik mahallasida ham sel toshqi ni ro‘y bergan va odamlarning turar joylariga ziyon yetkazgan. Bir oilaning ayoli ikki farzandi bilan oqib ketgani haqida rasman tasdiqlanmagan xabar ham bor.

Jomliklarning hikoya qilishlaricha, viloyatning barcha rahbarlari ikki kundan buyon qishloqda jam bo‘lib turishibdi. Viloyat hokimi T.Jo‘rayev jabr ko‘rgan xonadonlarning barchasiga davlat tomonidan yordam ko‘rsatilishini aytib, odamlarning ko‘nglini ko‘targan.

Xurshid Daliyev, Shuhrat Shokirjonov
Kun.uz muxbirlari

Top