8395.15 USD -6.38

9510.03 EUR -113.08

127.67 RUB -0.68

10869.2 GBP -122.52

17:09 / 16.05.2018 96809

Orolga fotosayohat: Birgina jonzot yashayotgan dengiz

Orol dengizi bir necha millionlab yillar avval Kaspiy dengizi va Qora dengiz bilan birgalikda qo‘shilgan, dunyo okeanining bir qismi bo‘lganidan xabaringiz bormi?

Ustyurt platosi ham o‘sha qadimiy dengizning tubi bo‘lgan. Keyinchalik yer qobig‘idagi tektonik o‘zgarishlar natijasida ko‘tarilib, Orol va Kaspiy dengizlari o‘rtasida to‘siq bo‘lgan. Buni bugungi kunda Ustyurt platosi chinklarida namoyon bo‘layotgan qatlamlar va turli yotqiziqlar tarkibidagi bo‘r, gips qatlamlari isbotlab turibdi. Ularning orasidan qadimiy dengiz chig‘anoqlari, hattoki, millionlab yillar avval bu yerlarda istiqomat qilgan akulalarning tish qoldiqlari topilmoqda.

Umuman, Orol dengizi qadimda ham qurib turgan. Chunki dengizdan suv qochgach, bu joydan qadimiy manzilgohlar topilgani qadimda ham Orolning qurigani, uning o‘rnida odamlar yashaganidan dalolat berib turibdi.

Ustyurt platosi qatlamlaridan esa bugungi kunda sifatli gips, ohak, soda kabi mahsulotlar ishlab chiqarilayotganini alohida ta'kidlab o‘tish zarur.

Orol dengizi yoqasidagi chink qoyalari bo‘ylab yo‘l bosar ekansiz, yo‘lingizda qadimiy qabristonlar uchrab turadi. Ularning aksariyati eramizdan avvalgi IV-II asrlarga tegishli. Qabrtoshlardagi qadimiy yozuvlar ham bundan dalolat berib turibdi. Oktyabr Do‘spanovning aytishicha, ushbu mangu qo‘nimgohlarning har biri o‘rganib chiqilgan. Ayrimlarida qazilma ishlari ham olib borilgan.

Biz Orol dengizining Oqtumshuq burniga yaqin joylashgan qismiga yetib borganimizda quyosh ufqqa bosh qo‘yayotgan edi. Eslasangiz, Orol dengizi bo‘yida 2017 yilda ikkita sayyohlik majmuasi tashkil qilingani haqida xabar berilgan edi. Ekspeditsiyamiz guruhi Tazabay Grand Service kompaniyasi tomonidan tashkil qilingan majmuada joylashdi.

Orolni uzoqdan kuzatish imkoni bo‘lmadi. Havo bulutli edi, tepalikdan tushib, chang va tuz ko‘tarilmasligi uchun sun'iy bunyod etilayotgan saksovulzorlar hamda sarg‘ayib qolgan shuvoqzorlar oralab, qirg‘og‘igacha boribgina jafokash dengizimizni ko‘rdik. Qolaversa, kun bo‘yi esgan shamol Ustyurt platosidan chang-to‘zonni ko‘tarib, atrofning ko‘rinish darajasini ancha pasaytirib yuborgan ham edi.

Dengizga yaqinlashar ekanmiz, bir paytlar uning tubi bo‘lgan qumloq yerlarda tuz bo‘y ko‘rsatib turardi. Havo esa bir oz dim bo‘lib, dengizda sokinlik hukmron edi.

Bulutlar orasidan kamalak bo‘y ko‘rsatdi va buni dengiz bizni xush kayfiyat bilan qarshilaganiga yo‘ydik.

Oktyabr Do‘spanovning dengiz sohilida turib hikoya qilib berishicha, Orol dengizi qurimasdan avval suvi chuchuk bo‘lgan. Uning har litrida tuzning miqdori 10–12 grammni tashkil etgan.

Bu yerda baliqning 60dan ziyod turi uchragani, ularning 40dan ziyod turi ovlanganidan bugungi kunda ko‘pchilikning xabari bo‘lmasa kerak.

Ayni paytda dengiz dunyodagi eng sho‘r ko‘llardan biri hisoblanadi. Suvning tarkibida tuzning miqdori litriga 160 grammgacha yetmoqda.

Dengizda sho‘rlashish darajasining ortishi oqibatida uning suvida faqat bitta jonzot yashab qoldi. U — artemiyadir. Artemiya hamon mutatsiyaga uchramay, 100 million yillardan buyon o‘zgarishsiz kelayotgan oddiy organizmlardan biri.

Artemiyalar yer yuzida asosan xlorli, sulfatli, karbonatli, har litrida 300 grammgacha tuzi bor sho‘r suvda uchraydi. Ular suv o‘tlari, bakteriyalar bilan oziqlanadi. Orol dengizidagi artemiyalar asosan urg‘ochi, lekin ular o‘z-o‘zidan ko‘payish xususiyatiga ega.

Mamlakatda Orol dengizidan artemiya tsistalarini yig‘ib olib sotish bilan shug‘ullanadigan 10dan ortiq firma va korxona mavjud. Ularni baliqchilik bilan shug‘ullanuvchi qator davlatlar tonnasini 30 ming dollarga sotib olmoqda. O‘zbekistondagi baliqchilik xo‘jaliklari ham albatta foydalanadi. Orol dengizi qirg‘oqlarida artemiyani yig‘uvchi sun'iy ko‘lmaklarga duch kelishingiz mumkin.

«Artemiya tsistalarini sof tarzda olib bo‘lmaydi. Dastlab dengizda qalqib turgan qizil tusli biomassa yig‘ib olinadi. U hali to‘liq ko‘payib ulgurmagani uchun faqat dengiz chetidan yig‘ib olinadi. Tsistalarning o‘rtacha diametri 235,5 mikromillimetr. Uni faqat mikroskop yordamida ko‘rish mumkin. Artemiya tsistalari yig‘ib olingandan keyin maxsus tayyorlangan hovuzga suv quyilib, belgilangan haroratda lichinkalar paydo qilinadi. Bu baliq lichinkalari uchun juda zarur ozuqadir.

Oddiy omixtalar bilan boqilgan baliq lichinkalarining 50 foizi tirik qolib o‘sadigan bo‘lsa, artemiya lichinkalari bilan oziqlangan baliq lichinkalarining 90 foizdan ko‘prog‘i hech qanday kasalliksiz rivojlanadi», deb yozgandi O‘zA.

Qayd etish joizki, G‘arbiy Orolga bugungi kunda yomg‘ir va qor suvidan boshqa suv tushmaydi. Sirdaryo kelib quyiluvchi Shimoliy Orolga Qozog‘iston hududida to‘g‘on qurilib, u deyarli to‘lib turibdi.

«Qozog‘istonda Orolning ushbu qismi to‘lib turganining bir necha foydali jihatlari ham yo‘q emas, — dedi Oktyabr Do‘spanov. — Avvalo, bu suv ochib yuborilganida uning aksariyat qismi Katta Orolga yetib bormasdan baribir qumga singib, bug‘lanib ketardi. Ikkinchidan, Orolning ushbu qismining to‘la turishi qandaydir yo‘l bilan Qoraqalpog‘istonga Sibir tomonlardan yopiriluvchi changli to‘zonni qaytarib turibdi».

Qosh qorayib qoldi. Biz Orol sohilidan istamaygina, ertalab yana bir bor kelishni ko‘ngilga tugib, tunaydigan lagerimizga qaytdik.

Hech qanaqa elektr energiyasi, internetsiz bir muhitda yashadik. Kechki ovqatdan so‘ng gulxan yonida to‘plandik. Oktyabr Do‘spanov Orol haqidagi ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashdi, uzun hikoyalarini boshladi. Savollarimizga javob berdi.

Orol sathining pasayishiga ko‘pchilik Amudaryo va Sirdaryo suvlarining qishloq xo‘jaligiga, yangi o‘zlashtirilgan yerlarni sug‘orishga intensiv jalb qilinishi oqibati deb tushunib keladi. Bunda ham qaysidir ma'noda jon bor. O.Do‘spanovning aytishicha, bugungi kunda Amudaryo va Sirdaryo bo‘yida 300dan ziyod suv omborlar, kanallar qurilgan. Ularning barchasida ham suvdan oqilona foydalanilyapti, deb bo‘lmaydi.

Yana bir tasdiqlanmagan faktga ko‘ra, Orol suvining shiddat bilan pasayishiga qandaydir sun'iy portlatish yoki uning tubidagi yorilish ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin ekan. Lekin hozircha buni dalillovchi biror fakt topilmagan. Orol dengizi sathi Kaspiy dengizidan 68 metr balandroqda joylashgan va o‘tgan yillar ichida Orol suvining kamayishi hamono Kaspiydagi suv sathining ortib borishi kuzatilgan, garchi Kaspiyga quyilayotgan o‘zanlardagi suv miqdorida ortish kuzatilmagan bo‘lsa ham.

Orol bo‘ylarida yashovchi jonzotlardan yana biri sayg‘oqlardir. Kiyikdoshlar guruhiga mansub bu jonzot yozning issiq kunlarida shimolga — iqlimi biroz salqin Qozog‘istonga yo‘l olar ekan. Qishda esa orolbo‘ylariga kelib oziqalanadi. Yillar bo‘yi shunday bo‘lgan.

Biroq Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasiga simto‘r tortilgach, ularning tabiiy migratsiyasi ham cheklanib qolgan. O‘tgan yillarda sayg‘oqlarning Qozog‘istonda 130 mingtasi to‘satdan sirli ravishda o‘lib qolishi katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.

Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga bergan ma'lumotlarga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq va Qo‘ng‘irot tumanlari hududida sayg‘oqlar uchun kompleks landshaft qo‘riqxonasi tashkil etilmoqda.

«Sayg‘oqlar uchun» qo‘riqxonasi negizida tashkil etilayotgan davlat tabiatni muhofaza qilish muassasasi uchun 628,3 ming gektar yer ajratilishi nazarda tutilgan bo‘lib, bu hudud besh uchastkaga bo‘linadi. Bu uchastkalar sayg‘oqlar va boshqa turdagi jonivorlarning yashashi uchun eng qulay sharoit bor hududlar sifatida tanlab olingan. Bu yerlar sayg‘oqlar uchun an'anaviy zarur o‘tloqlar va suv manbalaridan iborat.

Shu bilan Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan UzWaterAware loyihasi doirasidagi Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi (MOMEM) hamda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi hamda tuman hokimliklari qo‘llovi va ishtirokida Orol sari uyushtirgan ekspeditsiyamizning birinchi kuni yakunlandi. (Hikoyamizning birinchi qismini bu yerdan o‘qishingiz mumkin).

Keyingi hikoyamizdan bir paytlar orol bo‘lgan, ayni paytda quruqlikning bir qismiga aylangan Mo‘ynoq shahri va u yerdagi kemalar qabristoni haqida hikoya qilamiz.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri

Top