00:46 / 16.05.2018
10470

Sudga elektron tarzda murojaat qilish qanday qulayliklarga ega?

Foto: KUN.UZ

2018 yil 15 may kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Zangiota tumanlararo sudida samarali foydalanilayotgan E-SUD milliy elektron sudlov tizimi haqida press-tur tashkil qilindi. Ushbu elektron murojaat qilish tizimi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda BMT taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi asosida ishlab chiqilgan. Uni ishlab chiqishda Janubiy Koreya, Germaniya va Singapur kabi rivojlangan davlatlar tajribasi o‘rganib chiqilgan. Qariyb, ikki yildan beri ishlab kelmoqda.

 Kun.uz tahririyati ham bu qulaylikni o‘rganish maqsadida ushbu tadbirda ishtirok etdi. 

 E-SUD milliy elektron sudlov axborot tizim qanday qulayliklarga ega?

  • Sudlarda ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish;
  • Sud xabarnomalari va hujjatlarini taraflarga yetkazish mexanizmlarini takomillashtirish;
  • Sansolarlik va byurokratizmga qarshi samarali natija.

E'tiborlisi shundaki, endilikda sudga murojaat etish uchun sud binosiga tashrif buyurish, navbatda turish, hujjatlarni qo‘lda yozib, qog‘oz shaklda topshirish kabi jarayonlarga vaqt va mablag‘larini sarflash zarurati yo‘q. E-SUD tizimi orqali fuqarolik ishlari bo‘yicha respublikamizdagi barcha sudlarga istalgan kun, vaqt va masofadan turib hujjatlarni elektron tarzda topshirish mumkin. Bu tizim hozirgi davrda faqatgina birinchi instansiya sudlarida amaliyotga qo‘yilgan. Kelgusida apellyatsiya, kassatsiya va nazorat tartibidagi ishni ko‘rish bosqichlariga tatbiq etish ko‘zda tutilgan.

Loyiha doirasida fuqarolarning huquqiy ongini oshirish maqsadida infografika va sodda tilda tushuntirilgan sudga murojaat qilishga oid kitoblar bepul tarqatilmoqda.

Javohir Shamsutdinov

Top