01:01 / 18.05.2018
10498

Qirg‘iziston uran chiqitlari muammosini muhokama qilmoqda

Qirg‘iziston hukumati sobiq ittifoqdan meros qolgan uran chiqitlari muammosini hal qilish yo‘llarini qidirmoqda, dedi mamlakat bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Qubatbek Bo‘ronov «Markaziy Osiyodagi uran qoldiq ko‘mmalari: tahdidlarni kamaytirish yo‘lidagi hamjihat harakatlar» xalqaro anjumani davomida. Bu haqda «Anado‘lu» agentligi xabar bermoqda.

Foto: aa.com.tr

Konferentsiyada hukumat, milliy va xalqaro idoralar hamda sherik davlatlar vakillari ishtirok etib, uran chiqitlarini xavfsiz joyga ko‘chirib, uni puxta saqlash bo‘yicha harakatlar rejasini muhokama qilishdi.

«Hammasidan xavfli jihati shundaki, uran ko‘mmalari daryolar va suv manbalari yaqinida joylashgan bo‘lib, ular butun Markaziy Osiyo basseynining bir qismi hisoblanadi», — deya ta'kidlagan Bo‘ronov.

Qirg‘iziston hukumati so‘nggi 5 yilda mintaqada vaziyatni yaxshilash borasida ish olib bormoqda. Bunday uran ko‘mmalari insonlarning salomatligiga jiddiy tahdid uyg‘otmoqda, qandaydir bir falokat ro‘y bersa bu keng miqyosdagi ekologik ofatlarga sabab bo‘ladi, dedi bosh vazir o‘rinbosari. Bo‘ronovning so‘zlariga ko‘ra, bu tahdidni kamaytirish uchun masalahatlashib ehtimolli falokatlarni oldini olish kerak.

Bo‘ronovning qayd etishicha, chiqitlarni boshqa joyga ko‘chirish masalasi hukumatning uzoq muddatli muhim loyihalaridan biri bo‘lib, Bishkekni mazkur masalada xalqaro hamjamiyat qo‘llab-quvvatlashi zarurligiga e'tibor qaratdi.

Qirg‘iziston hukumati qoshidagi atrof-muhit va o‘rmon xo‘jaligi muhofazasi davlat qo‘mitasining ma'lumotlariga ko‘ra, respublikada radioaktiv chiqindilarning ko‘p miqdorda to‘planib qolishiga XX asrning 40–50-yillarida uran sanoatiga oid kon qazib oluvchi va qayta ishlovchi faoliyati sabab bo‘lgan. 50-yillarning o‘rtalaridan boshlab hozirga qadar respublikada 18 ta kon qazuvchi korxonalar, jumladan to‘rtta uran xomashyosi qazib oluvchi korxona yopib qo‘yilgan yoki konservatsiya qilingan.

Mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma'lumotlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda 33 ta qoldiq ko‘mmalari va 21 ta ochiq tog‘ jinslari joylashgan va ularning umumiy maydoni 650 gektarga teng. Radioaktiv ifloslanishga u yoki bu darajada duchor bo‘lgan hududlarning umumiy maydoni 6 ming gektarga yetgan, bu joylarda 145 million tonna radioaktiv chiqitlar to‘plangan. Qoldiq ko‘mmalarning hajmi 75 million kub metrga teng. Tog‘ jinslarining umumiy qatlami 620 million kub metrni tashkil etadi va ular 1950 gektar maydonni egallagan.

Bu holatda, mazkur obektlarning katta qismi transchegaraviy daryolar (Norin, Moyli suv, Sumsar va Chuy) o‘zanida joylashgan, bu esa Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston va O‘zbekiston kabi davlatlar uchun tahdidli omil bo‘lmoqda — 5 milliondan ziyod aholiga ziyon yetkazishi mumkin. Qoldiq ko‘mmalarining ko‘pchiligi Moyli suv, Ming qush, Shikoftor, Sumsar, Qoji joy, Oq tuz, Kan kabi aholi punktlarining bevosita yaqinida joylashgan.

Top