15:59 / 19.05.2018
52157

Peshonasiga ikki qo‘yilgan bolalar. Prokuratura bayonot berdi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent viloyati Bekobod shahar prokuraturasi Bekobod shahridagi 5-sonli umumta'lim maktabida bo‘lib o‘tgan noxush voqea yuzasidan tergov oldi tekshiruv ishlarini o‘tkazdi. Bu haqda viloyat prokuraturasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, 2018 yil 3 may kuni Toshkent viloyati Bekobod shahridagi 5-sonli umumta'lim maktabining boshlang‘ich ta'lim o‘qituvchisi M.Hamdamova shu dargohda tahsil olayotgan 1-“j” sinfining to‘rt nafar o‘quvchisini uy vazifasini tayyorlab kelmaganlikda ayblab, jazo sifatida sinfdagi barcha o‘quvchilarning ko‘z o‘ngida “ikki” bahoni ruchkada ularning peshonasiga yozib qo‘ygan.

Ushbu voqeadan xabar topgan mazkur maktabning yana bir o‘qituvchisi S.Raxmonova kasbdoshi M.Hamdamovaga nisbatan bo‘lgan eski adovati sababli ertasi kuni o‘sha o‘quvchilarni o‘z huzuriga chaqirib, g‘arazli niyatda ularning peshonalariga “ikki” raqamini qaytadan yozib, shu ko‘rinishlarida ularni uyali telefon yordamida suratga olgan. Olingan suratni esa internetdagi tarmoqlarga kasbdoshi M.Hamdamova nomidan joylashtirgan.

Internet sahifalarida shov-shuvga sabab bo‘lgan bu surat ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘ldi.

Tekshiruv natijasida o‘quvchilarini xo‘rlab, huquqini poymol qilgan ikki nafar o‘qituvchi S.Raxmonova va M.Hamdamovalar ta'lim xodimi, degan nomga noloyiq deb topilib, O‘zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligidagi tegishli moddalarga muvofiq ishdan bo‘shatildilar.

Ta'lim xodimlarining shunday qabih ishlarni qilishlariga zamin yaratib bergan maktab direktori D.Babamuratova hamda besh nafar direktor o‘rinbosarlari ham o‘z lavozimlaridan ozod etilganlar.

Ta'lim-tarbiya ishlaridagi yo‘l qo‘yilgan kamchiliklari uchun Bekobod shahar xalq ta'limi mudiri M.Qo‘ziboyevga esa intizomiy jazo chorasi sifatida “hayfsan” e'lon qilingan.

Foto: Toshkent viloyati prokuraturasi axborot xizmati
Foto: Toshkent viloyati prokuraturasi axborot xizmati

O‘tkazilgan tekshiruv ishlari natijasida shuningdek, maktab uchun davlat tomonidan ajratilgan 21 mln so‘m miqdoridagi pul mablag‘i mazkur ta'lim maskanining rahbarlari tomonidan talon-toroj qilinganligi ham aniqlangan.

Qayd etilishicha, ushbu holat yuzasidan Bekobod shahar prokuraturasi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga binoan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan, dastlabki tergov ishlari olib borilmoqda.

Top