09:23 / 21.05.2018
26360

Shahzoda Harri va Megan Marklning to‘yiga qancha pul sarflangani ma'lum qilindi 

Foto: Getty Images

Shahzoda Harri va aktrisa Megan Marklning to‘yi qirollik oilasiga 43 mln dollarga tushgan. Bu haqda BriedBook portali ma'lum qildi. 

Jurnalistlar tantanalarni tayyorlash xizmatlariga asoslanib to‘y marosimiga taxminan qancha pul sarflanganini hisoblab chiqishdi. Ularning taxminicha, umumiy mablag‘ning deyarli 90 foizi, ya'ni 40 mln dollar to‘yda xavfsizlikni ta'minlashga sarflangan. 

Portal fikricha, to‘y tashkilotchilari xizmati 150 ming dollarga tushgan. Musiqachilarga 400 ming dollardan ko‘proq, gulchilarga 150 ming dollar, fotosuratchilar va operatorlarga 23 ming dollar to‘langan. To‘y ishtirokchilarini turli yeguliklar bilan mehmon qilish uchun 385 ming dollar sarflangan. To‘y torti alohida hisoblangan va uning narxi 65 ming dollarni tashkil qilgan. 

Avvalroq kelin ko‘ylagi shahzoda Harriga 135 ming dollarga tushgani ma'lum qilingan. 

Uzoq kutilgan to‘y 19 may kuni Vindzor saroyida bo‘lib o‘tgan. To‘yda 2,6 ming kishi mehmon bo‘lgan, ular orasida qo‘shiqchi Elton Jon, amerikalik teleboshlovchi Opra Uinfri, tennischi Serena Uilyams, aktyor Jorj Kluni, Viktoriya va Devid Bekxem juftligi hamda boshqa ko‘plab yulduzlarni uchratish mumkin bo‘lgan.

Top