14:12 / 22.05.2018
33946

O‘zbekiston bosh prokurori Surxondaryo viloyatiga bordi

Foto: Kun.uz /arxiv foto

19-20 may kunlari bosh prokuror O.Murodov rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan belgilab berilgan dolzarb ahamiyatdagi vazifalar ijrosi Surxondaryo viloyatida o‘rganildi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va eksport hajmini oshirish masalalarini o‘rganish davomida aniqlangan kamchiliklar 19 may kuni mas'ul idoralar vakillari va eksportyorlar ishtirokida muhokama qilindi hamda joriy yil 1-yarmi eksport prognozi rejasini kafolatli ta'minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Yig‘ilishda 50 dan ortiq eksportyorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularni qiynayotgan muammolarni hal etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Tashrif davomida Termiz davlat universitetida viloyatdagi 6 ta oliy o‘quv yurtlari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazilib, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 7 may kungi “Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosining tashkil etilishi bilan tanishildi va kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

Viloyatning Sherobod tumani “Oila” markazida xotin-qizlar qo‘mitalari, “Oila” markazlari rahbarlari bilan uchrashilib, ustuvor vazifalar muhokama etildi.

Bundan tashqari, viloyatning Qumqo‘rg‘on tumanida seldan talafot ko‘rgan “Elobod”, “Azlarsoy” va “Bog‘or” qishloqlari joyida o‘rganildi.

Hozirda viloyat prokurorlari bilan birgalikda seldan jabrlanganlarga moddiy yordam berish, sel oqibatlarini bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

O‘rganish davomida, seldan jabrlangan oilalarga birinchi navbatda zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim, ko‘rpa-to‘shaklar, xo‘jalik mollari yetkazib berildi. Hozirda bu boradagi tadbirlar davom ettirilmoqda.

Tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining viloyatdagi Xalq qabulxonasida muammolari uzoq vaqtdan buyon o‘z yechimini topmayotgan 30 nafardan ortiq fuqarolar Bosh prokuror tomonidan qabul qilindi.

Fuqarolar asosan sud va tergov ishlari, ish haqi va ishga joylashtirish, davolanish, uy-joy va tadbirkorlik masalasida murojaat qilishgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bosh prokuraturada yangi lavozim tayinlovlari ro‘y bergandi

Top