16:25 / 23.05.2018
13423

IIV tergov hibsxonalarining ichki tartib qoidalariga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tergov hibsxonalarining ichki tartib qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi buyrug‘i loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tergov hibsxonalarining ichki tartib qoidalariga kiritilishi mumkin bo‘lgan o‘zgartirishlar:

8-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil THga moneliksiz kirish huquqiga ega. Bunda TH ma'muriyati tomonidan Vakilning xavfsizligi ta'minlanadi».

9-bandning to‘qqizinchi xatboshisidagi «milliy» degan so‘z «davlat» degan so‘z bilan almashtiriladi.

180-banddagi «1999 yil 12 apreldagi 171-son qarori (O‘zbekiston Respublikasining Hukumati qarorlari to‘plami, 1999 y., 4-son, 18-modda)» degan so‘zlar 2016 yil 14 noyabrdagi 387-son qarori (O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari to‘plami, 2016 y., 50-son, 566-modda) degan so‘zlar bilan almashtiriladi.

205-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«205. Sud, prokuror, himoyachi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil yoki THlarni tekshirish huquqiga ega bo‘lgan boshqa davlat organlari nomiga, shuningdek jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsga yoki organga yo‘llangan ariza, taklif va shikoyatlar senzuradan o‘tkazilmaydi hamda yigirma to‘rt soatdan kechiktirmay yuboriladi, telegrammalar esa darhol yuboriladi. Vakillarning javobi ko‘zdan kechirilishi mumkin emas va arz qiluvchiga darhol yetkazib beriladi».

217-band «THda saqlanayotgan shaxslarni boshqa yerga ko‘chirish to‘g‘risidagi» degan so‘zlardan keyin «surishtiruvchining yoki» degan so‘zlar bilan to‘ldiriladi.

246 va 247-bandlardagi «tergov oldi tekshiruvi» degan so‘zlar «tergovga qadar tekshiruv» degan so‘zlar bilan almashtiriladi.

252-banddagi «sudning qarori» degan so‘zlar «sudning ajrimi» degan so‘zlar bilan almashtiriladi.

254-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«254. Agar ushlab turish yoki qamoqda saqlashning JPKda belgilangan muddatlari tugaganidan keyin THda saqlanayotgan shaxsni ozod qilish haqidagi prokurorning, tergovchining yoki surishtiruvchining qarori yoxud sudning ushlab turish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi yoki unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash yoxud qamoqda saqlash muddatini uzaytirish haqidagi ajrimi kelib tushmagan bo‘lsa, THlarda qonunlar ijrosi ustidan nazorat qiluvchi prokuror yoxud TH boshlig‘i THda saqlanayotgan shaxsni o‘z qarori bilan darhol ozod qiladi. Qarorning ko‘chirma nusxasi kechiktirmasdan jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsga yoki organga, shuningdek prokurorga yuboriladi».

2-ilovadagi Kameralarga joylashtirish Rejasining:

a) III bo‘limi, 4-bandidan «Muqaddam qamoq jazosiga hukm qilingan shaxslar»,
b) IV bo‘limi, 1-bandidan «Qamoq jazosiga hukm qilingan shaxslar»,
v) V bo‘limi, 1-bandidan «Qamoq jazosiga hukm qilingan shaxslar»,
g) VI bo‘limi, 2-bandidan «Qamoq jazosiga hukm qilingan shaxslar»,
d) VII bo‘limi, 1-bandning ikkinchi xatboshisidan «qamoq jazosiga hukm qilingan shaxslar»,
ye) VII bo‘limi, 2-bandning ikkinchi xatboshisidan «qamoq jazosiga hukm qilingan shaxslar» degan so‘zlar chiqarib tashlanadi.

Top