18:01 / 24.05.2018
8211

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxs maxsus qabulxona hududidan qancha muddatga chiqishi mumkin?

Foto: Norma.uz

“Ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonalar hududidan ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarning chetga chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Ichki ishlar vazirligi buyrug‘i muhokama uchun e'lon qilindi.

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonalar hududidan ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarning chetga chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarga ikkala tomonga borib-kelish vaqti (ikki sutkagacha) hisobga olinmagan holda bir sutkadan ko‘p bo‘lmagan muddatga maxsus qabulxona hududidan O‘zbekiston Respublikasi doirasida chetga chiqishga ruxsat berilishi mumkin.

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarning maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish vaqti ma'muriy qamoqni o‘tash muddatiga qo‘shib hisoblanadi.

Maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish xarajatlari ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarning mablag‘lari hisobidan yoki boshqa shaxslar tomonidan to‘lanadi.

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxslar maxsus qabulxonada saqlanayotgan vaqtida yaqin qarindoshining vafoti yoki uning hayotiga tahdid soluvchi og‘ir kasallik, ma'muriy qamoqqa olingan shaxsga yoki uning oilasiga ancha miqdorda moddiy zarar yetkazgan hodisalar sodir etilganligi yuzasidan xabar olganida maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish uchun ruxsat berish to‘g‘risida ariza bilan murojaat etish huquqiga ega.

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxsning maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish uchun ruxsat berish to‘g‘risidagi arizasi ariza kelib tushgan paytdan e'tiboran keyingi kundan kechiktirmay maxsus qabulxona ma'muriyati tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxsning chetga chiqishi to‘g‘risidagi qaror uning shaxsi, xulq-atvori hamda arizada ko‘rsatilgan vajlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjudligi inobatga olingan holda qabul qilinadi.

Arizani ko‘rib chiqish vaqtida maxsus qabulxona ma'muriyati tomonidan ma'muriy qamoqqa olingan shaxsning yashash joyidagi tuman (shahar) ichki ishlar organiga arizadagi vajlarning asosliligini tekshirib berish bo‘yicha so‘rov xati (faks, elektron pochta va h.k.) yuboriladi.

Tuman (shahar) ichki ishlar organlari tomonidan maxsus qabulxonaning so‘rov xati kelib tushgan vaqtdan boshlab 24 soatdan kechiktirmay so‘rov xatida ko‘rsatilgan vajlarning asosliligini yoki asossizligini tasdiqlovchi ma'lumotlarni (tibbiyot birlashmasi, fuqarolik holati dalolatnomasini yozish bo‘limi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining ma'lumotnomalarini) ilova qilgan holda javob xati yuboriladi.

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxsning maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish uchun ruxsat berish to‘g‘risidagi arizasi qanoatlantirilgan taqdirda maxsus qabulxona ma'muriyati tomonidan mazkur Nizomning 1-ilovasida ko‘rsatilgan tarzda qaror qabul qilinadi.

Qaror ariza kelib tushgan paytdan e'tiboran keyingi kundan kechiktirmay qabul qilinib, darhol ma'muriy qamoqqa olingan shaxsga tanishtiriladi va unga maxsus qabulxonaga qaytib kelish vaqti, qaytib kelmaslik oqibatlari tushuntirilib, belgilangan manzilga yetib borgach hududiy profilaktika (katta) inspektoriga xabar berishi lozimligi to‘g‘risida ogohlantiriladi hamda maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish uchun ruxsat berilganligi to‘g‘risida mazkur Nizomning 2-ilovasida ko‘rsatilgan tarzda ma'lumotnoma beriladi.

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxsga maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish uchun ruxsat berilganda undan maxsus qabulxonaga kelib tushganda olib qo‘yilgan hujjatlar, pul mablag‘lari, qimmatbaho buyumlar, narsalar va boshqa ashyolar tilxat asosida qaytariladi.

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxs maxsus qabulxona hududidan chetga chiqarilganidan so‘ng zudlik bilan maxsus qabulxona ma'muriyati tomonidan ma'muriy qamoqqa olingan shaxs borishi lozim bo‘lgan tuman (shahar) ichki ishlar organiga mazkur Nizomning 3-ilovasida ko‘rsatilgan tarzda xabarnoma yuboriladi.

Xabarnoma kelib tushgan kunning o‘zida tuman (shahar) ichki ishlar organi boshlig‘i, u bo‘lmaganda uning vazifasini vaqtincha bajaruvchi shaxs tomonidan ijro etish uchun profilaktika (katta) inspektoriga topshiriladi va ijrosi nazorat qilinadi.

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxsning maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish uchun ruxsat berish to‘g‘risidagi arizasi rad etilgan taqdirda maxsus qabulxona ma'muriyati tomonidan qabul qilingan xulosa ma'muriy qamoqqa olingan shaxsga tanishtiriladi.

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxsning chetga chiqqan vaqtida belgilangan manzilda bo‘lishini nazorat qilish hududiy ichki ishlar organlarining profilaktika (katta) inspektorlari zimmasiga yuklatiladi.

Profilaktika (katta) inspektori ma'muriy qamoqqa olingan shaxsning belgilangan manzilga yetib kelishi, ajratilgan vaqt oralig‘ida huquqbuzarliklar sodir etmasligi va maxsus qabulxonaga qaytib ketishini nazorat qiladi.

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxs belgilangan manzilga yetib kelgan vaqtida profilaktika (katta) inspektori uning shaxsini tasdiqlovchi hujjati va maxsus qabulxona tomonidan berilgan ma'lumotnomani tekshirib, u bilan profilaktik suhbat o‘tkazadi.

Top