18:38 / 31.05.2018
14789

O‘zbekistonlik ziyoratchilar Umra amallarini bajarish uchun jo‘nab ketishdi

Bugun, 31 may kuni o‘zbekistonlik ziyoratchilarning 209 nafardan iborat dastlabki (4 nafar ishchi guruhi, 1 nafar shifokor) guruhi “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining zamonaviy avialaynerida Saudiya Arabistoni Podshohligiga Umra amallarini bajarish uchun uchib ketishdi.

Ramazon Umra ziyoratida jami 1500 nafar o‘zbekistonlik fuqaroning Toshkent-Jidda-Toshkent yo‘nalishlari bo‘yicha 7 ta charter aviareysida safarlari tashkil etiladi. Ziyoratchilarga mavsum davomida o‘zbekistonlik 4 nafar ishchi guruhi, 30 nafar guruh rahbari (ellikboshi), 8 nafar shifokor va 4 nafar oshpaz xizmat ko‘rsatadi.

Ziyoratchilarni Saudiya Arabistoni Podshohligida kutib olish, kuzatish va ularga qulay shart-sharoitlar yaratish ishlari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimlaridan tashkil topgan ishchi guruhi hamda O‘zbekiston Respublikasining Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi “Haj” va “Umra” masalalari bo‘yicha attashesi hamkorligida tashkil etiladi.

Eng e'tiborlisi O‘zbekistonda o‘tkazilgan Qur'on musobaqasining 10 nafar g‘olibi ota-onalari bilan, jami – 30 kishi bu yil Umra safariga yuboriladi. Bu ularni rag‘batlantirish maqsadida tashkillashtirilgan. 

Umra ziyoratiga o‘zbekistonlik fuqarolarni 31 may kunidan 17 iyuniga qadar kuzatish va kutib olish rejalashtirilgan.

Top