13:22 / 01.06.2018
13399

Bojxonachilar 15 kg.ga yaqin geroinning yo‘lini to‘sishdi​

Davlat bojxona qo‘mitasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan O‘zbekistonda narkotik moddalarning davlat chegaralari orqali noqonuniy aylanishiga qarshi qaratilgan tezkor tadbirlar muntazam davom ettirilmoqda.

 “Bekobod” temir yo‘l chegara bojxona postida O‘zbekiston orqali tranzit tarzida o‘tayotgan yuk poyezdi vagonlardan birining ostki qismidagi temir qutilarda​ 14 kg. 920 gr. og‘irlikdagi geroin giyohvandlik vositasi yashirilgani ​ma'lum bo‘ldi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati​ Kun.uz'ga ma'lum qildi. 

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati​
Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati​

Bu turdagi jinoyatlar uchun qat'iy choralar belgilangani bois, so‘nggi paytlarda javobgarlikdan qochish maqsadida, giyohvand moddalarni O‘zbekiston hududidan tranzit tarzida o‘tuvchi poyezd vagonlariga yashirib, go‘yoki egasiz tarzda o‘tkazish holatlari ko‘zga tashlanmoqda. Ammo, bu kabi holatlar o‘z vaqtida fosh etilmoqda.

Xususan, bojxona va davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari hamkorlikda 2018 yilning 31 may kuni “Bekobod” temir yo‘l chegara bojxona postida qo‘shni davlatdan respublikamiz orqali tranzit tarzida o‘tayotgan yuk poyezdi belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazishganida, vagonlardan birining ostki qismida ko‘z ilg‘amas bo‘shliqlarga joylashtirilgan temir qutilar xodimlarning diqqatini tortdi. ​

Kuchli magnit vositasi ko‘magida vagon ostiga mahkamlangan ushbu temir qutilar belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ochib ko‘rilganida, ularning ichiga polietilen o‘ramlarda 14 kg. 920 gr. og‘irlikdagi geroin giyohvandlik vositasi yashirilgani fosh bo‘ldi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati​

Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Top