13:13 / 01.06.2018
38561

“Bu suvni chorvaga ham bermang deyishdi, biz esa uni iste'mol qilyapmiz...”

Toshkent viloyati, Quyichirchiq tumani, M.Otajonov fuqarolar yig‘inida yashovchilar tomonidan hududdagi odamlar iste'mol qilayotgan suv sog‘liq uchun zararli ekani, 2006 yil toza ichimlik suvi quvurlari olib tashlangani sababli 13 yildan buyon aholi qo‘lbola quduqlardan foydalanib, tozalanmagan suv iste'mol qilayotgani, natijada aholi orasida o‘t pufagi va boshqa ichki a'zolar xastaliklari ko‘paygani, bolalar va keksalar yillar bo‘yi turli infeksion kasalliklardan aziyat chekishayotgani bizga ma'lum qilindi. Muammoni chuqurroq o‘rganish maqsadida hududga bordik. Ilk ishimiz qishloq oilaviy poliklinikasi shifokori bilan suhbatlashish bo‘ldi.

— Chindan ham, M.Otajonov massividagi ichimlik suvi inson sog‘ligi uchun zararli. Hudud yer osti suvlari juda yuza joylashgan bo‘lib, ikki metrga yetar yetmas chuqur qazisangiz, suv ko‘rinadi. Hatto hojatxona va “kachalka” (ichimlik suvi olinadigan qo‘lbola suv chiqargich) juda yaqin masofada qurilgan holatlar ham bor. Hovlilardagi yerni kovlab qurilgan oddiy hojatxonalarning chuqurida ham ifloslangan suv ko‘rinib turadi. Mana shunday zararli va oqava suvlar qo‘shilib ketgani uchun bu hududdagi quduqlardan suv ichish mumkin emas, — deydi qishloq poliklinikasi umumiy amaliyot shifokori Kamuna Sultonovna.

Suhbat jarayonida shifokor o‘zi shu hududda yashasa-da, bu yerning suvidan iste'mol qilmasligi, Oqqo‘rg‘on tumanidagi toza ichimlik suvidan olib kelib foydalanishini ham aytib o‘tdi. Shifokor bu suvdan ichmas ekan, unda nega oddiy aholi ko‘ra-bila turib zararli suvni ichishayapti?!

— Lekin poliklinikada suv bor. Bu haqda tanqid yozmanglar yana, — deb qo‘shimcha qildi shifokor.

Qiziq, poliklinikada suv muammosi bo‘lmasa, unda uning hovlisida qo‘lbola suv chiqargich (kachalka) nima qilib turibdi?!

To‘g‘risi, biz bu shifokor opamizning xijolati sababini “juda yaxshi” tushundik. Shu bois gapimiz avvalida “Nega jurnalistga muammolarni aytding?”, deya qosh-qovog‘ini uyuvchi amaldorlarga aytib qo‘yaylik: Biz bu muammolarni birovdan eshitmadik. Bordik, ko‘rdik, guvoh bo‘ldik va yozdik. Har qancha gapingiz bo‘lsa, bizga ayting. Biz bilan suhbatda bo‘lgan shifokor va hamshiralar, oddiy odamlarni qistovga ola ko‘rmang. Sababi biz hali voqealar rivojini kuzatamiz va, zarurat bo‘lsa, yozishda davom etamiz.

Poliklinika muammolari haqida boshqa safar to‘xtalishni maqsad qildiku, faqatgina suv bilan bog‘liq o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, suratga tushirgan holatdan ko‘z yumib o‘tolmadik.

Shunday qilib, bizga o‘zida ichki bir “jasorat” topib intervyu bergan hamshira qiz Feruza Davlatova quyidagilarni gapirib berdi:

— Bu yerda yashovchi hamma bolalar gijja kasalliklari tufayli azob chekishadi. Sababi suvimiz iflos. Poliklinikaning “bashniya”si bor. Lekin tez-tez buzilib qoladi. Bugun ham buzilib qolgani uchun shu “kachalka”dan suv tashiyapmiz. Iltimos, bor gapni yozing. Qachongacha o‘zimiz ham, bolalarimiz ham suvning zararliligini, hatto qaynatgandan keyin ham iste'mol qilishga yaroqsizligini bilib turib ichishga majbur bo‘lamiz? Nega minglab aholi zararli suvni ichyaptiyu, hech kimning bu bilan ishi yo‘q?! 

Poliklinikadan chiqib, qishloq oraladik. Odamlarning uyidagi quduqlarni ko‘rdik. Aholi bilan suhbatlashdik.

— Nevaram bir hafta sog‘ bo‘lsa, bir hafta yana “Qornim og‘riyapti”, deb issig‘i chiqaveradi. Kasalxonaga olib borsak, “Hammasi ichirayotgan suvingiz tufayli. Qaynatilganini ham bermanglar. Suvni sotib olib ichinglar”, deydi. Suv bilan sutning narxi deyarli bir bo‘lsa (bu yerda bir litr sut 2000 so‘m ekan) yozning issiq kunida katta oilaga eh-he qancha suv ketadi?! Qurbimiz yetmaydi-da, suv sotib olib ichishga. Yengil avtomashinasi borlar qo‘shni tumanlardan katta idishlarda suv olib kelib ichishadi. Mashinasi yo‘qlar nima qilsin?! — deydi o‘zini Matluba aya deb tanishtirgan onaxon.

— Biz suvdan namuna olib borib, tekshirtirib keldik, — deydi shu yerlik Kenja Jobirov, — Uning tarkibida shunday zararli mikroblar bor ekanki, hatto mollaringizga ham bermang, faqat kir yuvish va sug‘orishga yaraydi, deyishdi.

“Shu paytgacha tegishli joylarga shikoyat qilmadingizmi?” degan savolimizga esa biroz kulgili, ammo achchiq haqiqat bo‘lgan bir javobni oldik. “Tumanimizda hokimlar shunchalik tez almashadiki, bir shikoyatning yechimigacha yetib bormaymiz ham. Umid qilamizki, yangi hokimimiz bizning muammomizni hal qilib beradi”.

Bizga yana qiziq tuyulgani bundan 13 yil avval, ya'ni 2006 yilgacha mavjud bo‘lgan toza ichimlik suvi quvurlari qayerga ketdi?! O‘zi bu hudud nima sababdan ichimlik suvidan mahrum qilingan? Nega yillar bo‘yi xalq nopok suv ichib kelishga majbur bo‘lyaptiyu, mas'ul odamlar bunga befarq? Xalq qachon tozalangan, iste'mol uchun yaroqli suv bilan ta'minlanadi? Bu kabi savollarga bizdan boshqa yana kimdir, to‘g‘rirog‘i, bu muammoning boshida turgan mutasaddilar ham qiziqishlari shart. Shunday emasmi?

Bu qishloqdan qaytishga taraddudlanarkanmiz, mahalladagi keksa otaxonlardan biri qo‘lini duoga ochib, uzundan-uzoq duo qildi. Shu duo so‘zlari orasidan quyidagi gap shuurimga muhrlanib qoldi: “Har doim va, ayniqsa, ro‘za-ramazon kunlari Allohim har birimizni saharliku iftorlik mahallarida halol, gumonsiz luqma bilan siylasin”.

Ro‘za og‘zini obihayot bilan emas, zararli suv bilan ochayotgan M. Otajonov fuqarolar yig‘ini aholisi ham shu muborak oyda toza, iste'mol uchun yaroqli ichimlik suvi bilan ta'minlanishi kerak. Bu muammoga tegishli odamlar e'tibor qaratishadi, degan umiddamiz. Mazkur mavzuga ramazon oyi yakunida yana qaytamiz.

Sitora TOJIDDINOVA,
jurnalist

Mavzuga oid
Top