07:28 / 01.06.2018
4280

Juzeppe Konte Italiya bosh vaziri bo‘lishga rozi bo‘ldi

Foto: AP Photo/Alessandra Tarantino

Huquqshunos Juzeppe Konte Italiya prezidenti Serjo Mattarella bilan uchrashuv davomida Italiya hukumatiga boshchilik qilishga rozilik berdi. 

Konte vazirlar mahkamasi tarkibini taqdim qilgan. Ma'lum qilinishicha, yangi bosh vazirning qasamyod keltirish marosimi 1 iyunda bo‘lib o‘tadi.

Konte avvalroq bosh vazir mandatini olgan, biroq prezident vazirlar mahkamasini tasdiqlamagani sababli undan 27 mayda voz kechgandi. 

Kontening ma'lum qilishicha, yangi hukumatda 4 martdagi parlament saylovlarida yutgan “5 yulduz” harakati” va “Liga” partiyalari rahbarlari Matteo Salvini va Luiji Di Mayo bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlar lavozimlarini egallaydilar. Salvini ichki ishlar vaziri, Di Mayo mehnat, ijtimoiy siyosat va iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha vazir lavozimini egallaydi. 

Hukumatda ikkita yangi vazirlik – Janub ishlari va oila hamda imkoniyati cheklangan odamlar ishlari bo‘yicha vazirliklarni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Yangi hukumatda hammasi bo‘lib 18 ta vazirlik bo‘ladi va ulardan 5 tasiga ayol kishilar rahbarlik qiladi.  

Top