18:14 / 04.06.2018
14142

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga yangi rais saylandi

Foto: MOQ axborot xizmati

4 iyun kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi tashkil qilindi. Unda Butunjahon shaxmat federatsiyasi rahbari Kirsan Ilyumjinov, Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakrom Isroilov, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi mutasaddilari ishtirok etishdi.

Federatsiya raisi lavozimiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi loyiha va boshqaruv Milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dmitriy Romanovich Li nomzodi ilgari surildi. Konferentsiya ishtirokchilari bir ovozdan D.Li nomzodini qo‘llab-quvvatladilar. Shu tariqa, Dmitriy Li O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining yangi raisi etib saylandi.

«Bildirilayotgan ishonch uchun rahmat aytaman. O‘zbekistonda shaxmatga oid prezident qarori bor. O‘zbek shaxmatini qo‘llab-quvvatlash, yordam berish uchun barcha chorani amalga oshiraman. Shaxmat insonning intellektual, mantiqiy fikrlashini rivojlantiradi», – dedi Dmitriy Li.

Shundan so‘ng, Butunjahon shaxmat federatsiyasi va O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi nizomiga binoan, shu yil Batumida bo‘lib o‘tadigan FIDE prezidentlik saylovi uchun O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi nomidan 1995 yildan beri ushbu tashkilotga rahbarlik qilib kelayotgan, yetti marotaba FIDE prezidentligi lavozimiga qayta saylangan Kirsan Ilyumjinov nomzodini ilgari surish masalasi ko‘rildi. Konferentsiya qatnashchilari bir ovozdan Kirsan Ilyumjinov nomzodini FIDE prezidentligi uchun nomzod sifatida qayd etishgan.

Top