20:57 / 05.06.2018
17231

Gabriel Jyezus - ko‘chalarda bo‘yoqchilik qilgan yigitcha Braziliya termasi bilan mundialga otlanyapti

Foto: Getty Images

Rossiyada o‘tkaziladigan jahon chempionatining favoritlaridan biri Braziliya terma jamoasi hisoblanadi. Uning bosh yulduzi - «PSJ» hujumchisi Neymardir. Ammo, jamoada muxlislar umid bildirayotgan boshqa yetakchilar ham bor. Ulardan biri — 21 yoshli hujumchi Gabriel Jyesus. 

Bir necha yil oldin u terma jamoa libosini kiyishni faqat orzu qilishi mumkin edi: Gabriel faoliyatini qamoqxona hududidagi qum maydonda boshlagan, o‘tgan mundialda esa o‘yinlarni TV orqali tomosha qilib, qadrdon shahri ko‘chalarida bo‘yoqchilik qilgan.

Foto: Sporf

Jyezus San-Paulu shahrining qashshoq dahasida tug‘ilib, o‘sgan, futbol o‘ynashni boshladi. 8 yoshida mahalliy futbol maktabiga kiradi. Tengdoshlari jinoiy guruhlarga o‘ralashib, otishmalarda qurbon bo‘layotgan bir paytda, Gabriel mashg‘ulotlarni o‘tkazib yubormay, faqat futbol bilan yashaydi.

Bir necha yillardan so‘ng, Jyezus San-Paulu shahrining eng mashhur klublaridan biri — «Palmeyras» akademiyasiga o‘tdi. U yerda bir mavsum davomida 22ta o‘yinda maydonga tushib, 37ta gol uradi va mahalliy yulduzga aylandi.

2014 yili Braziliya jahon chempionatiga mezbonlik qildi. Katta turnirga butun shahar tayyorgarlik ko‘rdi. Ko‘plab odamlar qatori, Jyezus ham qadrdon shahriga yordam berish maqsadida, ko‘chalardagi bordyurlarni bo‘yab chiqadi. U paytda 17 yoshli Gabriel «Palmeyras» yoshlar jamoasida to‘p tepayotgan va Braziliya terma jamoasi libosini kiyishni faqat orzu qilishi mumkin edi. 

2016 yili Jyezus Braziliya terma jamoasidan chaqiruv oldi va Neymar bilan birga to‘p tepib, Rio-de-Janeyro olimpiadasi oltin medalini qo‘lga kiritdi.

Foto: Getty Images

Keyinchalik Jyezus Angliyaga ko‘chib o‘tib, «Manchester Siti» klubi bilan chempion bo‘ldi, Braziliya milliy terma jamoasining asosiy tarkib futbolchisiga aylandi. Yaqinda o‘tkazilgan Xorvatiyaga (2:0) qarshi o‘rtoqlik o‘yinida esa, jamoadoshlarini sardorlik bog‘ichi bilan maydonga olib tushdi.

Foto: Getty Images

Jyezus tug‘ilib o‘sgan qadrdon dahasida esa uning surati uylarning devorlariga chizildi. Unda futbolchining qo‘lida telefon bilan xuddi qo‘ng‘iroq qilayotgandek ishorasi tasvirlangan. Jyezus gollarini aynan shu tarzda nishonlaydi. O‘zining kamolga yetishi uchun ko‘p narsa qilgan onasi bilan shu tarzda, hayolan gaplashadi, unga minnatdorchilik bildiradi.

Ayni paytda Gabriel 14 iyun kuni Rossiyada start oladigan jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘ryapti. 

Foto: Zimbio

«Hatto eng oliy orzularimda ham bunday yutuqlarga erishaman deb o‘ylamagan edim. Bilaman, ko‘plab bolakaylar jahon chempionatlaridan oldin, bordyurlarni bo‘yab chiqishadi. Balki ular katta klublarda o‘ynamayotgan bo‘lishi mumkin. Balki ularga bunday yutuqlarga erisholmaysan deb ta'kidlayotgan bo‘lishlari mumkin. Ammo, ularga orzu uchun kurashni hech qachon to‘xtatmasliklarini aytgan bo‘lardim», — deb Jyezus so‘zlarini keltirmoqda The Players Tribune.

Mavzu
G‘oliblar tarixi
Hayotda o‘z intilishlari va irodasi kuchi bilan muvaffaqiyatga erishgan shaxslar bisyor. Ularning har birining qiziq tarixi va hikoyasi bor
Barchasi
Top