09:50 / 06.06.2018
8953
YeTTB prezidenti: «O‘zbekiston o‘z bank sektorini ochishi kerak»
Foto: REUTERS/Costas Baltas

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Rossiyada kredit berishni davom ettirishni rejalashtirayotgani yo‘q, ammo O‘zbekistonning bozor islohotlarini amalga oshirish to‘g‘risidagi qaroridan keyin Markaziy Osiyoga nisbatan ijobiy kayfiyatda qaramoqda. Bu haqda bank prezidenti Suma Chakrabarti Reuters agentligiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Bank 2014 yilda Ukrainadagi mojaroda Moskvaning roli tufayli Rossiyada kredit berishni to‘xtatdi, hamda Chakrabarti YeTTBning pozitsiyasi o‘zgarmaganligini aytdi.

«Men Rossiyada YeTTB investitsiyalarini tiklash uchun aksiyadorlarda ishtiyoq borligini his qilmayapman», - dedi u. 

Chakrabarti Ostonaning «Markaziy Osiyo shengen zonasi»ni yaratish to‘g‘risidagi taklifini ijobiy baholadi. Bunda chet ellik fuqarolar yagona viza bilan kelishlari mumkin bo‘ladi.

«Bu mintaqa uchun burilish nuqtasi bo‘ladi», - dedi u. 

Chakrabartiga ko‘ra, bank o‘tgan yili O‘zbekistonda 100 milliondan ortiq sarmoya kiritgan va kelajak uchun ko‘plab loyihalarni rejalashtirgan.

«O‘zbekistonda yana ish boshlaganimizdan juda mamnunman», - dedi u. 

Shuningdek, uning qo‘shimcha qilishicha, Toshkentga sentabrda kelib, YeTTB boshqaruvchilar kengashi bir oydan so‘ng tasdiqlashi kerak bo‘lgan mamlakatni rivojlantirish strategiyasi ustidagi ishni yakunlaydi.

«Kelajakda islohotlar davom ettiriladi... lekin, bizda bunga sodiq bo‘lgan jamoa borligiga qat'iy ishonaman», - dedi Chakrabarti. 

Toshkent tomonidan xususiylashtirilishi mumkin bo‘lgan tarmoqlar haqida so‘z yuritar ekan, u bank sektori birinchi navbatda ochilishi kerakligini ta'kidlab o‘tdi. Bu resurslarni keyinchalik samarali yo‘naltirish uchun kerak.

Shunga qaramay, O‘zbekiston YeTTB investitsiyalari hajmi nuqtai nazaridan Qozog‘istonni ortda qoldirishiga hali uzoq vaqt bor, dedi Chakrabarti. Uning ta'kidlashicha, bank ikki mamlakatni raqobatchi, deb hisoblamaydi.

Top