15:05 / 08.06.2018
11462

May oyida qurilish materiallari narxi 2017 yil shu davriga nisbatan 26 foizga oshgan

Foto: Bosh prokuratura axborot xizmati

2018 yil 7 iyun kuni Bosh prokuraturada O‘zbekiston Respublikasi prezidenti raisligida 2018 yil 5 iyun kuni o‘tkazilgan videoselektor majlisi Bayoni ijrosi yuzasidan mamlakatimizda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini oshirish va narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha videoselektor majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda mahkama axborot xizmati xabar bergan.

Majlisda bosh prokuror, Vazirlar Mahkamasi mas'ul xodimlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, Bosh prokuratura xodimlari, Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish Departamenti boshlig‘i, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari, Toshkent shahar, viloyat hokimlarining o‘rinbosarlari, viloyat prokurorlari va Departamentning viloyat boshqarmalari boshliqlari, tegishli idoralar rahbarlari va mas'ul xodimlari ishtirok etdi.

Majlis ishtirokchilari tomonidan joriy yilning 5 iyun kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida qurilish materiallari narxining asossiz ravishda oshib borayotganligi, qurilish materiallariga bo‘lgan haqiqiy ehtiyojning aniq emasligi ta'kidlangani ma'lumot uchun qabul qilindi.

Majlisda zamonaviy Tashkent va Samarqand city, Nurafshon shahri, Toshkent xalqaro aeroporti, Toshkent halqa yo‘li, Yunusobod metro liniyasi, Toshkent va boshqa shaharlardagi o‘nlab ko‘priklar, namunaviy uy-joylar, xususan xizmat uylari, kam ta'minlangan oilalar uchun uy-joylar qurilishini hisobga olgan holda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini oshirish va narxlarni barqarorlashtirish masalasining dolzarbligi va strategik muhimligi qayd etib o‘tildi.

Ushbu va boshqa qurilish obektlarining barpo etilishi katta hajmdagi qurilish materiallari ishlab chiqarilishi va ichki bozorda bo‘lishini taqozo etadi. Biroq, oxirgi vaqtda qurilish materiallariga bo‘lgan talabning keskin ko‘payishi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanilmayotgani, qurilish materiallari ishlab chiqarilishida zarur bo‘lgan gaz va elektr energiyasi tariflari oshgani hamda bir qator boshqa sabablar qurilish bozorida narxlar o‘sishiga olib keldi.

Misol uchun, respublika bo‘yicha joriy yilning may oyida qurilish materiallarining narxlari 2017 yil dekabr oyiga nisbatan umumiy hisobda 15,6 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 26,3 foizga oshgan.

Bugungi kunda respublikada faoliyat yuritayotgan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi 7 316 ta tadbirkorlik sub'yektlarining 5 145 tasi, ya'ni 70 foizi mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanmayapti.

Majlisda qurilish materiallari ichki bozorida yuzaga kelgan salbiy vaziyat sababi bo‘lgan ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi tanqid qilinib, tegishli davlat organlari, idoralari va tashkilotlari rahbarlarining tushuntirishlari eshitildi.

Majlis yakuni bo‘yicha ishtirokchilar tomonidan mamlakatimizda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini oshirish va qurilish materiallarining eng muhim turlariga (sement, pishiq g‘isht, oyna, taxta-yog‘och, metalloprokat va boshqalar) bo‘lgan narxlarni barqarorlashtirishga, qurilish materiallarining narxlari o‘sishiga olib kelgan sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishga qaratilgan aniq choralar belgilandi.

Mavzuga oid
Top