08:42 / 08.06.2018
9006

«Ochko‘zlik va korrupsiya». Gana futbol uyushmasida nimalar yuz beryapti? 

Foto: AFP

Gana hukumati mamlakat Futbol uyushmasini tarqatib yubordi. Bunga tashkilotda korrupsiya keng quloch yozgani haqida hikoya qiluvchi hujjatli film e'lon qilingani sabab bo‘ldi.

Gana Axborot vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, jurnalist Anas Aremeyaau Anasning xulosalari e'tiborga olingan, u futbol tuzilmasidagi korrupsiya holatini surishtiruvdan o‘tkazgan.

«Filmda Gana Futbol uyushmasi faoliyatidagi qo‘pol buzilishlar aks etgan. Xususan, firibgarlik, korrupsiya va poraxo‘rlik keng avj olgani aytiladi. Politsiya filmda ko‘rsatilgan holatlarni tezkor va batafsil surishtiruvdan o‘tkazish uchun barcha kerakli choralarni ko‘rdi», - deyiladi xabarda.

Natijada, Gana hukumati milliy futbol uyushmasini tarqatib yubordi. Hozirgi vaqtda mamlakat hukumati vakillari aybdorlarni jazolash variantlari hamda choralarini ko‘rib chiqmoqda. 

«Hukumat mamlakatdagi futbol faoliyatini tartibga solish bo‘yicha vaqtinchalik choralar haqida e'lon qiladi, bu yangi organ tashkil etilmaguncha yuz beradi. Shuningdek, hukumat Afrika futbol konfederatsiyasi va Xalqaro futbol federatsiyasini bu qarorlar haqida xabardor etadi, shuningdek, Ganadagi futbol rivoji bo‘yicha bir qarorga kelish uchun ular bilan bog‘lanadi», - deya yozilgan matbuot uchun xabarnomada.

6 iyun kuni jurnalist Anas Aremeyaau Anas o‘zining «12-raqam: ochko‘zlik va korrupsiya oddiy holatga aylanganda» yangi filmini taqdim etdi. Unda Gana futbol uyushmasi amaldorlari, jumladan uning prezidenti Kvesi Nayantakii korrupsiyaga aralashib qolgani aytiladi. Xususan, filmda Nayantakii 65 ming dollar miqdorida pora olayotgani aks etgan lavha ham bor. 

Kvesi Nayantakii/Foto: BackpagePix

 

Top