14:59 / 08.06.2018
23835

Uyda tug‘ilgan bolaga guvohnoma tayyorlash uchun pora olgan vrach-ginekolog qo‘lga olindi 

Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi, Jinoyat qidiruv boshqarmasi, Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Buxoro shahrida o‘tkazilgan tezkor-tadbirlar davomida, uy sharoitida tug‘ilgan bola uchun tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma tayyorlab berishni va'da qilib, fuqarodan 300 AQSh dollari miqdoridagi pullarni talab qilgan vrach-ginekolog qo‘lga olindi. Bu haqda Buxoro viloyati IIB Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Kogon shahrida yashovchi fuqaro, Buxoro viloyati IIB boshlig‘i nomiga ariza orqali murojaat qilib, Buxoro shahridagi 7-sonli poliklinikada vrach-ginekolog vazifasida ishlovchi “Z” ismli ayol uning qornidagi homilasini uy sharoitida tug‘dirganligini, buning evaziga 400 AQSh dollari olganligini, hozirda bolasining tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi yo‘qligi sababli unga viloyat Tibbiyot birlashmasida ishlovchi tanishlari orqali guvohnoma tayyorlab berishi mumkinligini, buning uchun esa, 300 AQSh dollari berishini talab qilayotganligini bildirib, ushbu “Z” ismli ayolga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Foto: Buxoro viloyati IIB Matbuot xizmati

Mazkur ariza yuzasidan Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi, Jinoyat qidiruv boshqarmasi, Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tadbirlar natijasida, 1981 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan, muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 114-moddasida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilganligi uchun sudlangan, Buxoro shahridagi 7-sonli oilaviy poliklinikada akusher-ginekolog vrach vazifasida ishlovchi Z.O ariza muallifidan 300 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Foto: Buxoro viloyati IIB Matbuot xizmati

Shuningdek, Tibbiyot birlashmasida operator vazifasida ishlab kelayotgan, 1994 yilda Kogon tumanida tug‘ilgan M. A ham o‘zining jinoiy sherigi Z. O dan ushbu pullarni olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Top