12:37 / 08.06.2018
19105

«Vaqf» fondining asosiy vazifalari, amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar - videointervyu  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 aprelda PF-5416-sonli «Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida «Vaqf» xayriya jamoat fondini tashkil etilish bilan bog‘liq tadbirlar belgilangan edi. Fond tashkil topganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmadi. Amalga oshirilayotgan ishlar, fondning asosiy maqsad va vazifalari to‘g‘risida fond boshqaruv rahbari Jaloliddin Hamroqulov bilan suhbatlashdik. 

- Muhtaram Prezidentimiz 2018 yil 16 aprelda «Vaqf» xayriya jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida tarixiy farmonga imzo chekdilar. Tarixiy deganimiz, ramziy ma'noda ham, tarixiy ma'noda ham. Sababi yurtimizda 1928 yilgacha xonliklar va amirliklarda vaqf ishlari yuritilgan. So‘nggi bor 1929 yilda Buxoro amirligi va Xiva xonligida to‘xtatilgan.

Fondning asosiy maqsadi yurtimizda yetishib chiqqan buyuk allomalarimizni dunyo madaniyati va ilm-faniga qo‘shgan hissasini tarannum etish. Shu bilan birga, odamlarimizdagi muruvvat, saxovatlilik tuyg‘ularini yanada oshirishga ko‘maklashish. Xususan, diniy-ma'rifiy sohaga yordam berish, masjidlarimizni obodonlashtirish, unda xizmat ko‘rsatayotgan imom-xatib va noiblar, mutavalliyot va muazzinlarga moddiy-ma'naviy ko‘mak berish - mana shu fondning asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Bundan tashqari, ularga yangi qurilayotgan uylardan olib berish, ko‘p yillardan buyon xizmat qilib kelayotgan imom-domlalarimizni rag‘batlantirish, diniy ta'limni ham moddiy, ham ma'naviy qo‘llab-quvvatlash ham vazifalardan biri hisoblanadi. Xalqimiz orasida kam ta'minlangan, moddiy ko‘makka ehtiyoji bor oilalarga yordam berish ham hisobga olingan. 

16 aprelda farmonga imzo chekilgan bo‘lsa, 1 maydan o‘z faoliyatimizni boshladik. 10 may kuni Adliya vazirligi orqali o‘z Nizomimizga, guvohnomamizga ega bo‘ldik. Ramazon oyining barakasidan shu kunga qadar keng ko‘lamli ishlar qilib qo‘ydik. Xususan, qon quyish institutiga borib 10 nafar bolajonga moddiy ko‘mak berdik. Qolaversa, ko‘zi ojizlar jamiyatida 200 kishilik iftorlik uyushtirdik. 

Shu kunlarda ba'zi bir tashkiliy ishlarni amalga oshirishni reja qilganmiz. Xususan, o‘z saytimiz faoliyatini yo‘lga qo‘yishni. Telegramda vaqf.uz sahifasi o‘z ishini boshlagan. Shaffoflikni ta'minlash maqsadida fondga tushgan mablag‘lar har kuni e'lon qilib boriladi. Bu Prezidentning fond haqidagi farmonida ham o‘z aksini topgan. Bu borada Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Innovatsion rivojlanish vazirligi bu borada ko‘makchi bo‘lmoqda, - dedi Jaloliddin Hamroqulov.  

Caption

Suhbatdoshimizning ta'kidlashicha, ba'zilar o‘zlari ajratgan mablag‘larni imom-xatiblar topib bergan haqli insonlarga o‘z qo‘llari bilan berishni istashar ekan. Garchi, vazifalariga kirmasa ham imom-domlalar bu borada odamlarga yordam qilishar ekan. J. Hamroqulovning aniqlik kiritishicha, aslida, bu ishlarni fond orqali ham amalga oshirsa bo‘ladi. Xo‘sh, qanday qilib?

- Birinchisi, naqd pul orqali. Ular o‘z mablag‘larini bankdagi hisob-raqamimizga o‘tkazsalar bo‘lgani. Shuni alohida ta'kidlab o‘tmoqchi edikki, mo‘min-musulmonlar tomonidan Alloh roziligi yo‘lida zakot, fidya, ushr va fitrga ajratilayotgan mablag‘lar haqdorlarga to‘laligicha yetib borishi uchun davlat rahbari boshchiligidagi mutasaddilar juda keng imkoniyat yaratib berishmoqda. Masalan, bank o‘z xizmati uchun haq olmaydi va bu bilan ajratilgan mablag‘ haqdorga yuz foiz holatda to‘liq yetib borishi ta'minlanadi.

Shu bilan birga plastik kartalar orqali, hisob-raqamdan hisob-raqamga va mobil telefonlar orqali pul o‘tkazmalarini amalga oshirish imkoniyati bor. Bundan tashqari, Toshkent shahrida 12 ta va Zangiota majmuasida bir dona infokioskalar ham o‘rnatildi. Mo‘min-musulmonlar ular orqali zakotlarini, fidyalarini, fitr-sadaqalarini berishlari mumkin bo‘ladi, - dedi «Vaqf» xayriya jamoat fondi boshqaruv rahbari Jaloliddin Hamroqulov.

Top