14:26 / 09.06.2018
14445

Poytaxt aeroportida 153 mln so‘mlik iPhone’lar ushlab qolindi

Foto: “Toshkent-Aero” IBK axborot xizmati

“Toshkent” xalqaro aeroporti orqali bojsiz olib kirish me'yorlari asosida tovarlarni olib o‘tib, ichki bozorlarga qayta sotish maqsadida tashiyotgan shaxslar faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida bojxonachilar tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar bilan hamkorlikda doimiy tezkor tadbirlar o‘tkazilmoqda.

“Toshkent-Aero” IBK axborot xizmati xabariga ko‘ra, ana shunday tadbirlardan birida xorijdan uchib kelgan fuqaro X.Sh bojxona nazoratidan yo‘lovchilar ko‘magida olib o‘tilgan 6 dona iPhone rusumli uyali aloqa vositalarini aeroport avtoturargohida yig‘ib olib ketmoqchi bo‘lib turgan vaqtida tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan to‘xtatib qolindi. Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra ushbu uyali telefonlarning umumiy qiymati 40 mln so‘mni tashkil etar ekan.

Yana bir holatda esa “Sharja-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelgan fuqaro A.D. bojxonadan “yashil” yo‘lak orqali bamaylixotir o‘tar ekan, bojxona xodimining og‘zaki so‘rovi paytida ham yonida hech qanday ortiqcha mahsulotlari yo‘qligini ma'lum qildi.

Ammo uning bagaji nazorat tartibida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, uning ichida deklaratsiyalanishi lozim bo‘lgan, jismoniy shaxslar uchun belgilangan olib kirish me'yoridan ortiqcha ya'ni umumiy narxi dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra taxminan qariyb 113 mln so‘mlik jami 16 dona iPhone X rusumidagi uyali aloqa vositalari borligi aniqlandi.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Top