12:11 / 12.06.2018
27530

Pensiya jamg‘armasi ishlovchi pensionerlarga to‘liq miqdorda pensiya to‘lashni taklif etmoqda

Foto: KUN.UZ

2018 yil 1 may holatiga O‘zbekiston Respublikasida 3,3 mln. nafardan ortiq pensiya va nafaqa oluvchilar mavjud bo‘lib, shundan 103,1 ming nafar (yoki 3,2 foiz) fuqarolar pensiyaga chiqqandan so‘ng ish faoliyatlarini davom ettirishmoqda. Bu haqda Moliya vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Amaldagi qonunchilik talablariga asosan, pensionerlar ishga joylashgan taqdirda ularga pensiyalar 50% miqdorida ish joyidan amalga oshiriladi (ayrim toifadagi pensionerlardan tashqari). Ta'kidlash lozimki, bugungi kunda ushbu tartib jahon amaliyotida boshqa davlatlarda mavjud emas.

2017-2018 yillarda hududlarda o‘tkazilgan sayyor uchrashuvlar hamda fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, ishlovchi pensionerlarga 50% miqdorda pensiya to‘lash tartibi ularni pensiyaga chiqqandan so‘ng norasmiy ravishda ish faoliyatini davom ettirishlariga sabab bo‘lmoqda.

Pensiya to‘lovlarini belgilangan tartibda amalga oshirilishi yuzasidan Davlat moliyaviy nazorat boshqarmalari hamda boshqa nazorat organlar tomonidan o‘tkazilayotgan tekshirishlarda ko‘plab ish beruvchilar va pensionerlar tomonidan ishlayotganligi to‘g‘risida Pensiya jamg‘armasiga ma'lum qilmaganligi oqibatida to‘liq miqdorda pensiya olishi bilan bog‘liq ortiqcha to‘lovlar aniqlanmoqda.

O‘z navbatida, ushbu yo‘nalishda o‘tgan yil davomida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2017 yil 1 aprel holatiga 4 ta toifadagi pensionerlar (I-II guruh nogironlari, urush qatnashchilari, mahalla raislari va ularning diniy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari) to‘liq miqdorda pensiya olish huquqiga ega bo‘lgan. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining qator farmon va qarorlariga asosan bugungi kunda 31 toifadagi pensionerlar («Xalq» va «Xizmat ko‘rsatgan» faxriy unvonlariga ega pensionerlar, tibbiyot muassasalari shifokorlari, «Nuroniy» jamg‘armasi, «Oila» markazi, Majburiy ijro byurosi va nodavlat-notijorat korxonalari xodimlari, sport faxriylari va boshqalar)ga to‘liq miqdorda pensiya olish imtiyozlari berilib, 26,7 ming nafar (yoki 26 foiz) ishlovchi pensionerlarga to‘liq miqdorda pentsiya to‘lanmoqda.

Biroq fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar hali yetarli emasligidan dalolat bergan (2018 yilning yanvar-may oylarida Pensiya jamg‘armasiga ishlovchilarga pensiya to‘lovi bilan bog‘liq mingdan ortiq yozma va og‘zaki murojaatlar kelib tushgan).

Ushbu murojaatlarda fuqarolar pensiyadan so‘ng jamg‘armaga sug‘urta to‘lovlari davom ettirilsa ham o‘zlarining ko‘p yillik mehnati evaziga tayinlangan pensiyalaridan chegirib qolinishidan yuzasidan noroziligini bildirmoqdalar. Shuningdek, iqtisodiyotning xususiy sektorida faoliyat yuritayotgan xususiy korxona rahbarlari, tadbirkor va fermerlar tomonidan qonunchilikning ushbu normasiga o‘zgartirish kiritish takliflari berilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, pensiya ta'minoti sohasida mavjud muammolar tanqidiy muhokama qilinib, tizimda ijtimoiy adolat va samaradorlikni oshirish maqsadida Pensiya jamg‘armasi tomonidan ishlab chiqilgan «Davlat pensiya ta'minoti tizimini isloh etish» Kontseptsiyasi doirasida 2019 yil 1 yanvardan boshlab ishlovchilarga to‘liq miqdorda pensiya to‘lashni joriy qilish taklif etilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra ishlovchilarga to‘liq miqdorda pensiya to‘lanishi uchun 2019 yilda Pensiya jamg‘armasi tomonidan qo‘shimcha 363,0 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi kutilmoqda.

Ushbu qo‘shimcha xarajatlar jamg‘arma daromadlarini to‘liqliligini ta'minlash, ishlovchi fuqarolar ish faoliyatlarini rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazishlari hamda jamg‘armaga sug‘urta badali to‘lovchilarini jalb qilish hisobiga qoplanishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moliya vazirligi ish haqi to‘lovlari to‘lanish holati yuzasidan axborot bergandi.

Top