14:36 / 14.06.2018
9223

Yangilangan Davlat xizmatlari yagona reyestri tasdiqlandi

Foto: UzA

Adliya vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining qarori bilan yangilangan Davlat xizmatlari yagona reyestri tasdiqlandi, deb xabar bermoqda Norma.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 12.12.2017 yildagi PF–5278-son farmoniga muvofiq 1.02.2018 yildan boshlab davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar ularning Davlat xizmatlari yagona reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilishini ta'minlaydi. 1.06.2018 yildan boshlab esa mazkur reyestrga kiritilmagan davlat xizmatlarini ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
 
Yangilangan hujjat 693ta pozitsiyani o‘z ichiga oldi. Ro‘yxat 249 bandga ko‘paydi – avvalgi ro‘yxatda atigi 444ta davlat xizmati nazarda tutilgan.
 
Davlat xizmatlarini ularni ko‘rsatuvchi organlar bo‘yicha guruhlash boshqa ko‘zga ko‘ringan yangilik bo‘ldi. Ilgari fuqarolar murojaat qilishi kerak bo‘lgan organ, davlat xizmati ko‘rsatiladigan shakl (elektron, an'anaviy), uning pulli/bepulligi, shuningdek beriladigan hujjatlar haqidagi ma'lumotlarni oson topishlari uchun ularni faoliyat sohalari bo‘yicha guruhlashga urinib ko‘rilgan edi. Bu davlat organlari uchun, shu jumladan reyestrga o‘zgartirishlar kiritishda noqulaylik tug‘dirgan bo‘lsa kerak.

Mohiyatan olganda, oldingi tahrirdagi Davlat xizmatlari yagona reyestridan belgilangan maqsadda foydalanilmadi. Gap shundaki, mazkur reyestrga kiritilmagan davlat xizmatlarini ko‘rsatishga taqiq 1.06.2018 yildan joriy etilgan. Ushbu sanadan boshlab uning yangi tahriri kuchga kirdi.

Shuni alohida qayd etib o‘tamizki, Yagona reyestrga muvofiq davlat xizmatlari markazlari mustaqil ravishda 31ta davlat xizmatini ko‘rsatadilar (asosan biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish sohasida), yana 17ta davlat xizmati ular orqali boshqa organlar tomonidan ko‘rsatiladi. Biroq Toshkent shahar Yunusobod tumani, Chirchiq shahridagi markazlar va yana 12ta boshqa markazda (har bir mintaqada bittadan) eksperiment o‘tkazilmoqda. U yerda Prezident devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmatining rahbari tomonidan tasdiqlanadigan vaqtinchalik tusdagi ma'muriy reglamentlar bo‘yicha davlat xizmatlarining 70–100ta eng talabgir turlari jadal ravishda joriy etiladi.  

Top