23:31 / 14.06.2018
7177

Arafa kuni Navoiyda ehtiyojmandlarga uy va aravachalar berildi

Yurtimizda muborak Ramazon hayiti shukuhi ko‘ngillarga quvonch ulashmoqda. Navoiy viloyatida ham ana shu muqaddas ayyomning mazmun-mohiyatini odamlarga tushuntirish, ularni ruhiy poklik, yaxshilik va hamjihatlikka da'vat etishga bag‘ishlangan qator tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni obodonlashtirish, ehtiyojmand kishilarni moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ezgu ishlarda esa, davlat va nodavlat tashkilotlar bilan birga, keng jamoatchilik ham faol qatnashmoqda.

Ramazon oyida Navoiy viloyatidagi 78 ta jome' masjidida taroveh namozlari o‘qildi va ularda 4,5 mingga yaqin yurtdoshlarimiz ishtirokida Qur'oni karim xatmonalari qilindi.

Barcha mahallalarda Ramazon hayitini azaliy urf-qadriyatlarimiz, milliy hamda diniy an'analarimizga munosib tarzda nishonlash maqsadida yordamga muhtoj va ehtiyojmand kishilar, kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, yakka-yolg‘iz yashovchi, nogironligi bo‘lgan oilalarga yaqindan ko‘maklashilmoqda.

14 iyun kuni viloyatda 210 nafar jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga nogironlik aravachalari, 43 nafar uy-joyga muhtoj, mehnatga layoqatlilik darajasi cheklangan va ehtiyojmand fuqarolarga namunaviy loyihadagi arzon uylar, shinam xonadonlar kalitlari tantanali ravishda topshirildi.

Viloyat hokimi Q.Tursunov tadbirda so‘zga chiqib, yurtimizda xalqning orzu-maqsadlarini ro‘yobga chiqarish, uning turmush darajasini yuksaltirishga alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi. Ayniqsa, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj, jismoniy imkoniyati cheklangan aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, emin-erkin yashashi, o‘z imkoniyatlari darajasida mehnat qilishiga keng yo‘l ochish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani viloyat hokimi tomonidan alohida qayd etildi.

Karmana tumanidagi «Oqshom» tantanalar maskanida nogironligi bor shaxslarga maxsus aravachalar topshirilib, bayram dasturxoni tashkil etildi. Ko‘ngli yarim insonlar bunday xayru saxovat tadbirlari hamda e'tibordan mamnun ekanliklarini izhor etishdi.

Navoiy shahridagi ko‘p yillardan buyon yotoqxona sifatida foydalanib kelingan bino turar joyga moslashtirilib, nogironligi bor hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalarga berildi. Shaharning «Yangiobod» mahallasida yolg‘iz farzandi va singlisi qaramog‘ida ijarada yashab kelayotgan I guruh nogironi Marhabo Jo‘rayevaga 2 xonali shinam uyning kaliti topshirildi.

Shu kuni Karmana tumanining Varq massivida ham 2 sotixlik namunaviy loyihadagi uy-joylarga bir guruh ehtiyojmand oilalar hamda mehnatga layoqatlilik darajasi cheklangan fuqarolar ko‘chib o‘tdi.

O‘z muxbirimiz.

Top