8455.37 USD +4.00

9554.57 EUR +77.20

131.53 RUB +2.16

11060.5 GBP +43.26

15:40 / 14.06.2018 17967

Toshkent shahar hokimi bilan blits-intervyu - Qudratxo‘jayev-Ortiqxo‘jayev

Xalqaro Press-klubning "Toshkent: aqlli, obod va sevimli shahar uchun umumiy harakatlar rejasi" mavzusidagi sessiyasi avvalida boshlovchi Sherzodxon Qudratxo‘jayev poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevni xalqqa yaqinroq tanitish maqsadida qiziqarli blits-intervyu o‘tkazish tashabbusini bildirdi. Tadbirda qatnashgan KUN.UZ muxbiri ushbu blits-intervyu bilan bo‘lishdi.

Foto: Xalqaro Press-klub

- Siz uchun ish vaqti soat nechada boshlanadi va ishni nimadan boshlaysiz?

- Hozirgi kunda ish vaqtimiz ertalab soat 7:00 dan boshlanadi. Ishni uydan to ishxonaga kelgunga qadar yo‘lni kuzatishdan boshlayman. Kechasi vaziyatga qarab soat 12:00-1:00 da qaytamiz. Shu ham biroz kamlik qilmoqda, vaqt yetmayapti.

- Toshkent shahrining qaysi ko‘chalari sizga ko‘proq yoqadi?

- Amir Temur ko‘chasi.

- Ko‘pchilik qiziqyapti - siz hokimlikka qadar katta ishbilarmon bo‘lgansiz, shu biznesda qoldingizmi yoki undan chetlashdingizmi?

- Albatta, biznesdan chetlashdim. Biznes yuritish niyatim bor, biroq bu biznes hokimlikni faqat pul sarflovchi emas, pul topuvchi organga aylantirishga qaratiladi. Ana shu daromadlarni xalq farovonligi yo‘lida safarbar etish niyatim bor.

- Imzo, Akfa, Artel mahsulotlari Toshkent shahridagi qurilishlarda ishlashga qaratilgan tenderlarda qandaydir imtiyozlarga ega bo‘ladimi yoki yo‘qmi?

- Avval ham bunday ishlar bilan shug‘ullanmaganmiz, bundan keyin ham shug‘ullanmaymiz. Bu xalqning e'tiboriga havola. Agar mahsulot sifati talabga javob bersa, raqobatbardosh bo‘lsa, olishlari mumkin, albatta. Agar sifatsiz yoki biror nuqsoni bo‘lsa, xalqning ixtiyoriga havola etiladi. Men bunday narsalarga qarshiman.

- Tadbirkor sifatida ishni nimadan boshlagansiz?

- Sartaroshxona va poyabzal tuzatuvchi kichik shirkat ochganman. 17 yoshimdan tadbirkorlikni boshlaganman.

- Ustozingiz kim?

- Xalqimiz. Xalq tajribasining o‘zi - ustoz.

- Xobbingiz bormi va unga qanday vaqt topasiz?

- Xalqqa xizmat qilish va odamlarga foydam tegishi. Shuning ustida qancha ish, qancha mehnat kerak bo‘lsa, qilamiz. Baliq tutish, sport, ortiqcha joylarga borishdek xobbi yo‘q, bunga vaqt ham, tajriba ham yo‘q.

- Kitob o‘qiysizmi? Oxirgi marta mutolaa qilgan kitobingiz qaysi?

- Albatta. Oxirgi marta o‘qigan kitobim - Rashid Al-Maktumning "My Vision" ("Mening qarashlarim") kitobi.  

Foto: Xalqaro Press-klub

- Ishxonangizdagi xonangizda va uyingizda kimlarning suratlari joylashgan?

- Ishxonamda muhtaram prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning suratlari joylashgan. Uyimda - oilamning surati.

- Jamoangizda kimlar bo‘lishini xohlardingiz?

- Hokimlarga maslahat beruvchilar ko‘p bo‘lar ekan. Oldin ham bo‘lardi, bu yerga ishga o‘tib ham shuni ko‘rdim. Men ham maslahat berib, ham o‘sha maslahat g‘oyasi ustida o‘zi ishlaydigan, o‘zi amalga oshiradigan odamlarning jamoamda bo‘lishini xohlayman. Faqat maslahat beruvchimas, shu maslahatlarni bergan odamlar jamoaga qo‘shilib, g‘oyani amalga oshirishda yelkama-yelka turib, mehnati mahsulidan o‘zi xursand bo‘lishini istardim. Jamoamda shunday kishilar bo‘ladi, deb umid qilaman.

- Siz uchun boylik tushunchasi nima? Qanday odamlarni boy deb hisoblaysiz?

- O‘z oilasidan, o‘z xohishidan, atrofidagilaridan orttirib, boshqa odamlarga ham foydasi tegadigan odamni asl boy odam deb hisoblayman. Faqat o‘zidan ortmagan odam har qancha puli ko‘p bo‘lmasin, boy hisoblanmaydi.

- Internetda bo‘lasizmi, uni kuzatasizmi?

- Albatta, bu hayotimning bir bo‘lagi deyish mumkin.

- Farzandlaringizga, oilangizga qanchalik vaqt ajrata olasiz?

- Imkon darajasida oilamga vaqt ajratishga harakat qilaman. Kechasi uyga qaytganidan keyin 1:00-7:00 oralig‘ida va dam olish kunlari.

- Toshkent shahar hokimi lavozimidagi birinchi kuningizda ishni nimadan boshlashni lozim deb topdingiz?

-  Ish boshlaganimga oz vaqt bo‘ldi. Tizim bilan tanishishdan boshlaganman. Biznes bilan hokimiyat tizimi umuman boshqachaligiga guvoh bo‘ldim. Odamlar bilan tanishishdan, qanday qilsa, tezroq o‘zgarish qilish mumkinligi ustida ishlashdan boshladim. Muammolarni tezroq bartaraf etishni o‘rgana boshladim. Bu men uchun yangi tizim, yangi hayot. Qo‘ldan kelgancha harakat qilyapman.

- Poytaxt oldida turgan, yechilishi lozim bo‘lgan top-10 muammolar ro‘yxati bormi?

- Muammo 10 ta emas, 10 mingta desam ham bo‘ladi. Asosiy  muammo - poytaxtning bosh rejasi yo‘qligida. Bu kelajakda qilinadigan ishlarga, rivojlanishga to‘sqinlik qiladi. Toshkent shahrining uzoq va yaqin strategiyasi yo‘q, ya'ni 10 yildan keyin yoki 5 yildan keyin nima bo‘ladi, 20 yildan keyin Toshkentni qanday ko‘ramiz - shu muammo. Shu paytgacha aniq va puxta reja qilinmagan. Hokimiyat faqat xizmat ko‘rsatuvchi organga aylanib qolgan. O‘zi alohida pul topib, uni yanada ko‘paytirib, xususiy korxonalar bilan sherikchilikda - davlat-xususiy sektor hamkorligida ishlashni rivojlantirilmagani diqqatimni tortdi. Kommunal, yo‘l-transport sohalari eskirib ketganligi, uni qayta tiklash kerakligi, tumanlarning markazlari yo‘q bo‘lib ketgani, hamma e'tibor faqat shahar markaziga qaratilgani, odamlarning yashash sharoiti shu omillarga qarab o‘zgargani katta muammolar sirasiga kiradi. Yana bir muammo - bozorlar. Masalan, ulgurji bozorlarning shahar ichida joylashgani, dunyoning hech bir joyida ulgurji bozorlar shaharda boshqa savdo markazlari, kafe-restoranlar yaqinida joylashmagan. Ulgurji bozor bilan savdo markazlarining yonma-yon joylashishi shahardagi nomutanosiblikni keltirib chiqargan. Aholining ko‘p rentabelli ishlarga jalb qilinishi kerakligi - yana bir muammo. Aholining yashash joyiga qarab do‘konlar, sport majmualari va savdo markazlarining yetishmasligi, ya'ni bir tumanda 200 ming aholiga sport majmualari 10 ta bo‘lsa, boshqa bir tumanda - atigi 3 ta. Bu odamlarning sarson bo‘lishiga, ko‘chalarda tirbandliklarning yuzaga kelishiga olib keladi. Bu kabi muammolarni reja asosida yaqin yillar davomida to‘g‘irlasa bo‘ladi. Barchasi ko‘rib, o‘rganib chiqilmoqda.

Foto: Xalqaro Press-klub
Top