11:25 / 18.06.2018
12342

O‘zbekistonda anor yetishtirishning ilmiy bazasini yaratish ishlari boshlandi

Prezident Shavkat Mirziyovning Farg‘ona viloyatiga safari, u yerda berilgan topshiriqlarni bajarish bo‘yicha qilinayotgan ishlar doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligi xodimlari vazir o‘rinbosari Alisher Umarov boshchiligida “Farg‘ona anorchilik” agrofirmasi rahbari Mastura Sayfuddinova bilan uchrashishdi. U kishi  barpo qilgan ulkan anor plantatsiyasini ko‘zdan kechirib, O‘zbekistonda anorchilikni yanada rivojlantirish yo‘lida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida suhbatlashishdi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi Matbuot xizmati KUN.UZ’ga xabar bermoqda.  

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi Matbuot xizmati

Mevalarning toji sanalmish anor yetishtirish borasida katta tajribaga ega Mastura Sayfuddinova ayni paytda Farg‘onaning Quva va Toshloq tumanlari hamda Quvasoy shahrida 289 gektar yerga 15 navga yaqin 272 ming tupdan ziyod anor ko‘chatini ekib parvarishlamoqda. 2025 yilgacha anorzor maydonini 2 ming gektarga yetkazish rejalashtirilgan. Anorzor to‘liq hosilga kirgach, 10 ming tonna mahsulot yetishtirilishi nazarda tutilgan. 

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi Matbuot xizmati

– Yoshligimda anor bog‘ida katta bo‘lganman, – deydi Mastura opa. – Dadamning 100 tupdan ortiq anor ekilgan bog‘i bo‘lardi. Texnikumni bitirganimdan so‘ng, yoshlar brigadasiga brigadir qilib tayinlashgan. Bizlarni hamma “Qirq qiz” brigadasi deyishardi. Qo‘limda 39 nafar qiz ishlar, o‘zim bilan qirq nafar edik-da... Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning yanvar oyida Surxondaryoga borganlarida Farg‘onadagi samaradorligi past bo‘lgan anorchilik xo‘jaliklarini birlashtirib, yangi agrofirma tuzish haqida ko‘rsatma berganlaridan so‘ng, viloyat hokimimiz bilan birgalikda ishlarni boshlab yubordik. 

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi Matbuot xizmati

Hozirgi kunda “Farg‘ona anorchilik” agrofirmasi tomonidan 289 gektar yer maydoniga anor nihollari ekilgan bo‘lib, ular 5-6 yilda to‘liq hosilga kiradi. Yer maydonlari 154 ta xonadonga bo‘lib berilgan, har bir xonadondan 2 kishidan 4-5 kishigacha shu yerlarda dehqonchilik qiladi. Anor nihollarini parvarish qilish barobarida aholi o‘ziga ajratilgan yer maydonlarida ro‘zg‘orga zarur bo‘lgan turli xil sabzavotlarni yetishtirib, oilalarini boqib kelmoqda.

O‘zbekistonda suv taqchilligi dolzarb masalalardan bo‘lib turgan bir paytda anorlarni tomchilab sug‘orish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ayni kunlarda 20 gektar maydon tomchilab sug‘orishga to‘liq o‘tkazilgan, bog‘dan daromad olina boshlanganidan keyin esa tomchilab sug‘oriladigan yer maydonlari hajmi yildan-yilga oshaveradi. 

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi Matbuot xizmati

Anorni yetishtirish bilan bir qatorda hozirgi kunda uni qayta ishlash masalasi ustida ham bosh qotirilmoqda. Agorofirma rahbarlari isroillik hamkorlari bilan anordan sharbat olib, uni qadoqlash, parfyumeriya mahsulotlari ishlab chiqarish haqida muzokaralar olib bormoqda.  

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi Matbuot xizmati

Shu bois ham anorchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorligida Farg‘ona davlat universitetida 2018–2019 o‘quv yilidan boshlab anorchilik bakalavriat ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish muddati uch yil bo‘lgan bakalavriat hamda magistratura mutaxassisligi bo‘yicha o‘qish muddati bir yil bo‘lgan magistr mutaxassisi tayyorlash bo‘yicha tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda.

Top