15:46 / 29.06.2018
8636

Bosh prokuratura: 2017 yilda 68 764 nafar shaxs intizomiy, ma'muriy va moddiy javobgarlikka tortildi 

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining navbatdagi Yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurorining 2017 yilda prokuratura organlari tomonidan qonun ustuvorligini ta'minlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilish borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bosh prokuror O.Murodov Oliy Majlis Senati a'zolariga 2017 yilda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar, hozirgi vaqtda faoliyatning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar hamda kelgusidagi vazifalar haqida batafsil axborot berdi.

Ko‘rilgan choralar, shu jumladan davlat idoralari huquqiy hujjatlarini o‘rganish natijasida 2017 yilda 118.200 ta prokuror nazorat hujjatlari qo‘llanilgan, 18.527 ta huquqiy hujjatlar qonunga muvofiqlashtirilgan, qonunbuzilishlar sabablarini bartaraf etish yuzasidan 22.800 ta taqdimnomalar yuborilgan, sudlarga 223,4 mlrd. so‘m moddiy zararni undirish haqida 25.012 ta arizalar kiritilgan, 68.764 nafar shaxs intizomiy, ma'muriy va moddiy javobgarlikka tortilgan.

Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni himoya qilish, qishloq xo‘jaligida islohotlarni amalga oshirish, voyaga yetmaganlarning himoyasi va ma'naviy-axloqiy tarbiyasini kuchaytirish va boshqa sohalarga oid qonunlar ijrosi ustidan tizimli ravishda nazorat olib borilgan.

Shuningdek, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurash, tezkor-qidiruv va tergov faoliyatini muvofiqlashtirish sohasida idoralararo hamkorlikni kuchaytirishga alohida e'tibor qaratilgan.

Shu bilan birga, Bosh prokuror tomonidan prokuror nazorati samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar joriy yilda ham faol ravishda olib borilayotganligi qayd etildi. Bosh prokuratura huzurida Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta'minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tuzilganligi, Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti etib, Bosh prokuraturaning Oliy o‘quv kurslari Bosh prokuratura Akademiyasi etib qayta tashkil etilganligi ta'kidlandi.

Top