23:10 / 30.06.2018
15451

«Taslim bo‘lma» xayriya aksiyasi yakunlari. Dori-darmonlar bemorlarga tarqatildi

Inson umri uzunligi bir asrga borib-bormaydi. Kimlardir umrini oddiy o‘tkazadi, kimlardir umri voqea-hodisalarga to‘la bo‘lishini istaydi, yana kimlar esa qalb xotirjamligida yashab, oxirati obod bo‘lishini to‘g‘risida qayg‘uradi. Uchinchi xil insonlar Yaratganga yaqin bandalar toifasiga kiradi. Bu dunyo omonat ekanligini tushungan bunday kishilar atrofdagilarga yaxshilik qilib yashashni umrining mazmuni deb biladi.

«Kun.uz» saytida «Taslim bo‘lma» xayriya aksiyasi boshlangan edi. Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad-oqqon bilan og‘rigan bemorlarga yordam berish edi. Chunki, bu xastalik o‘ta og‘ir xastalik hisoblanib, davolash jarayoni bir necha bosqichni o‘z ichiga oladi. Dorilar esa juda qimmat. Jamiyatda hamma ham teng emas. Bemorlarning aksariyati viloyatlardan kelgan oddiy yordamga muhtoj insonlar. Qiynalgan insonlarga esa albatta yordam berishimiz kerak.

Bu dard hech kimni ayamaydi. Sinov sifatida ayollarga, erkaklarga, yoshi katta insonlarga va hatto yosh bolalarga ham beriladi.

19.05-14.06 sanalari oralig‘ida
Agrobank hisobiga kelib tushgan mablag‘lar

«Taslim bo‘lma» xayriya aksiyasi natijasida 60 million so‘m mablag‘ yig‘ildi. Shundan  60 495 rubl (1000 dollar) "Sberbank" orqali to‘plangan bo‘lsa, Koreyadagi insonlar tomonidan 1500 AQSh dollari hamda Dubaydagi insonlardan tomonidan 571 AQSh dollari miqdoridagi xayriyalar kelib tushgan. Yaqin kunlarda PayPal tizimi orqali to‘plagan mablag‘lar bo‘yicha ham hisobot maqola e'lon qilamiz.

Joriy yilning 14 iyun sanasida Respublika gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish institutiga bordik.

26 nafar bemorlarga muolaja uchun dori-darmonlar berildi. 5 nafarining shifoxonadan bo‘lgan qarzdorligi to‘landi. Bir nafar bemorga moddiy yordam berildi.

 Ular ko‘zlarida yosh bilan xayriya qilgan insonlarni duo qildi. Ularning oilasi, qarindosh va do‘stlari bunday kasallik ko‘rmasligini Allohdan so‘rashdi. Moddiy yordamlar mahalliy aholidan, dunyoning turli chekka hududlarida (Janubiy Koreya, Rossiya, Qozog‘iston, Dubay va boshqalar) yashovchi yaxshi insonlardan yuborildi. Alloh ulardan rozi bo‘lsin. Qilgan yaxshiliklarining ajrini bersin.

Dorilarni tarqatar ekanmiz, bemorlarimiz xursand bo‘lib ularni qabul qilishdi. Bizning avvaliga qalbimiz, u to‘lgach ko‘zlarimiz yig‘lay boshladi. Allohim hech kimni dori-darmonni xursand bo‘lib qabul qilishiga yo‘l qo‘ymagin. Bu og‘ir qismat. Bemorlarimizga o‘zing shifo va sabr bergin. Bu olamlarda sendek mehribon va rahmli zot yo‘q. O‘zingga oson. Xayriya qilgan insonlarni esa o‘zing himoyangga olgin. Og‘ir kasalliklardan o‘zing asragin. Biz o‘sha saxiy o‘zbekmiz. Bir-birimizga yaxshilik qilmay tura olmaymiz. Allohim bir-birimizga yaxshilik qilishimizni bardavom qilgin.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top