01:48 / 02.07.2018
23631

Sirdaryo viloyatidagi ijtimoiy-maishiy muammolardan lavhalar

Yaqinda KUN.UZ saytiga Sirdaryo viloyatining Sirdaryo va Guliston shaharlarida istiqomat qiluvchi aholi vakillaridan murojaatlar kelib tushdi. Ular maktublarida o‘zlari istiqomat qiluvchi uylarning ahvoli juda achinarli ekanligi va boshqa ijtimoiy-maishiy muammolar haqida yozishgan. Tahririyat xodimlari muammolarni chuqurroq o‘rganish va jamoatchilik e'tiboriga havola qilish maqsadida Sirdaryo viloyatiga bordi. 

Dastavval Sirdaryo tumanidagi “Shirin” mahallasidagi ko‘pqavatli turarjoylarda istiqomat qiluvchi aholi vakillari bilan uchrashib, uylarning umumiy ahvoli bilan tanishamiz. 

To‘g‘risini aytganda, uylarning atrofini gapirmay qo‘ya qolaylik, ularning bir necha yillardan buyon ta'mirlanmagani shundoq ko‘rinib turadi. Uylar atrofidagi ekosanitar holatni umuman qoniqarsiz, deb baholash mumkin. Ayniqsa, tuman hokimligi balansidagi yotoqxona ahvoli juda ham achinarli. Bu yerda odamlar istiqomat qilayotganiga ham kishi ishongisi kelmaydi. Yotoqxona uchun yagona oshxonadagi holatni tasvirlashga so‘z topa olmaymiz. Elektr tarmog‘ining ayanchli ekani, simlarning ochiqligini gapirmasa ham bo‘ladi. 

Ichimlik suvini shu yaqin oradagi tadbirkorlik sub'yekti savob talabida yetkazib berib turibdi, deya e'tirof etishadi mahalliy aholi vakillari. Bizlar borishimizdan bir necha kun avval ko‘chaga ayni tadbirkor asfalt yotqizib berganini aytishdi.

Ko‘chaning narigi tomonidagi uylar atrofidagi o‘zboshimchalik bilan qurib olingan bino va inshootlar Prezident Mirziyoyevning Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida buzib tashlangan, biroq prezidentning bu yerga kelmasligi ma'lum bo‘lgach, barcha kuch va vositalar boshqa hududga yo‘naltirilgan, Shirin mahallasidagi ikki qavatli uylar atrofi qarovsiz holatda tashlab ketilgan.  

Biz muammolar girdobidan chiqib, dastavval “Oybek O‘rolbek” XUJMSh rahbari Olim Shodmonqulovdan shunday achinarli holatga oydinlik kiritishni so‘radik. So‘ngra, tuman hokimligida qurilish ishlari bo‘yicha hokim o‘rinbosari Ulug‘bek Hasanov hamda shirkatlar uyushmalari raisi G‘ayrat Norbo‘tayev bilan uchrashdik.

Ularning aytishicha, bu mahallani “Obod qishloq” davlat dasturiga kiritish rejalashtirilgan vaqtda, mahalliy aholining ayrim vakillarining e'tirozlari tufayli kiritilmagan. Ular kredit hisobiga obodonlashtirilib, binolar ta'mirlansa, kreditni to‘lash uchun moddiy imkoniyatlari yo‘qligini vaj qilishgan. Aslida, binolarning tomi va fasadi, bolalar maydonchalari, hojatxona muammosi davlat dasturi doirasida amalga oshirilishi tushuntirilgan, biroq ayrimlar buni yaxshi anglamagan ko‘rinadi. 

Biz Sirdaryo tumanidan so‘ng, ayni shu kabi muammolar og‘ushida ekanliklarini aytgan Guliston shahar fuqarolari bilan uchrashish maqsadida Sirdaryo viloyati markazi tomon yo‘l olamiz.

Guliston shahri, Islom Karimov ko‘chasi, 2-mavze, Sayqal mahallasi. Ammo nomiga yarashmagan aholi mavzesiga kirar ekanmiz, hammayoq ag‘dar-to‘ntar ekani, beton zovurlar keltirilganidan bu yerda qurilish ishlari olib borilayotgan ekan-ku, degan xulosaga keldik. Ammo xato o‘ylagan ekanmiz. Mahalliy aholi bizning fikrlarimizga zid so‘zlarni aytishdi.

Ichimlik suvi, atrof-muhitning sanitar-gigiyena jihatdan talabga umuman javob bermasligi, boshlangan ishlar o‘lda-jo‘lda qoldirib ketilgani (aholi vakillari, xuddi Sirdaryo tumanida bo‘lgani singari, prezident tashrifi arafasida go‘yoki obodonlashtirish ishlarini boshlashganini aytishdi) ta'kidlandi. Bu yerda ham hojatxona muammosi. Ko‘pqavatli uylar o‘rtasida bir necha o‘n yillardan beri bo‘lgan hojatxona antisanitar holatning bosh sababchisi ekani yaqqol ko‘rinib turibdi.

Biz mazkur holatlar yuzasidan izoh so‘rash uchun Guliston shahar hokimligiga borib, qurilish ishlari bo‘yicha hokim muovini Jonibek Yariyev bilan uchrashdik. 

“Guliston shahrida 2ta mahalla, shu jumladan so‘z borayotgan mahalla ham “Obod mahalla”davlat dasturiga kiritilgan. Yil oxirigacha bu yerda obodonlashtirish ishlari yakuniga yetkaziladi. Dastavval bitta mahalla obodonlashtirilib, ko‘rsatiladi, so‘ngra farmon chiqqanidan keyin ishlar davom etkaziladi. Bizga shu maqsadda 1 oy muddat berilgan. Ishni ahvol eng jiddiy bo‘lgan ikki mahalla: Sayqal va Bog‘ishamol mahallasidan boshlamoqdamiz.

Aholining e'tirozi shundaki, kuchli yog‘ingarchilik kunlari yomg‘ir suvlarini oqizish tizimi yaxshi ishlamasligida, mavjud drenajlari esa talabga javob bermasligida. Aniqroq aytganda bir necha yillar mobaynida ishlamagan”, - dedi Jonibek Yariyev.

Shu o‘rinda eslatib o‘tish joizki, bugungi kunda davlat rahbariyati tomonidan qishloq joylarda va shaharlardagi mahallalarda obodonlashtirish, fuqarolar yashash sharoitlarini yaxshilash borasida keng qamrovli qurilish-obodonlashtirish ishlariga e'tibor berilmoqda. Bu borada “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari ishlab chiqilib, yirik miqdorda mablag‘lar ajratilmoqda. Dasturga tushgan mahalla va qishloqlar aholisi ham ayrim hollarda obodonlashtirish ishlarini murakkablashtirish o‘rniga o‘z hissalarini qo‘shishsa, nur ustiga a'lo nur bo‘lar edi, nazarimizda.   

 

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top