14:00 / 07.07.2018
19778

Odam o‘z kasalligi to‘g‘risida ma'lumotga ega bo‘lsa, bundan qanday foyda bor?

Shrada Agarval, Outcome Health: «Agar odam o‘z kasalligi to‘g‘risida ma'lumotga ega bo‘lsa, bundan uning o‘zi ham, farmatsevtika ham yutadi».

Shrada Agarval — sog‘liqni saqlash sohasida kapitalizatsiyasi 5 mlrd. dollar bo‘lgan kompaniya asoschisi. Faoliyatini 12 yil avval tibbiyot xonalariga qandli diabet to‘g‘risidagi ma'lumotga ega planshetlarni o‘rnatish bilan boshlab, hozirda federal masshtabgacha o‘sdi. Amerikadagi har beshinchi shifokor xonasida Outcome Health xizmatlari yoki mahsuloti mavjud. Shrada Agarval Startup Village 2018dagi “Xaytek”ka sog‘liqni saqlash sanoatida gender notengligi mavjud yoki yo‘qligi, ular ustidan qanday qilib g‘olib bo‘lish hamda farmatsevtikani reklama qilish uyat emas, hatto ijobiy ekani haqida gapirib bergan.

Shrada Agarval

Shrada Agarval (Shradha Agarwal) — 9 yoshida o‘zining ilk biznesiga asos solgan hindistonlik tadbirkor. Ana undan keyin bosh maqsadi barchaga ma'lumot yetkazish bo‘lgan tashkilotlar faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. 2006 yilda ContextMedia – bir oylik auditoriyasi 30 million kishi bo‘lgan tibbiyot sohasidagi OAV. Hozirda kompaniya 5,6 milliard dollarga baholanmoqda.

Shrada kompaniyada innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqish, faoliyat yo‘nalishlarini kengaytirish va xodimlar bilan shug‘ullanadi. 2011 yilda JumpStart Ventures – sog‘liqni saqlash, ta'lim va OAV sohasida yuqori yechimlarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlarni moliyalashtirishni tashkillashtiradigan kompaniya ta'sischilaridan biriga aylandi. O‘sha vaqtdan beri 40 dan ortiq kompaniyalarga ko‘mak ko‘rsatildi, venchur investitsiyalar hajmi 10 million dollardan ortdi. U tadbirkorlarni Techstars, Impact Engine & Blueprint Health’da o‘qitadi. Shuningdek, Shrada OneGoal va Chicago Children’s Choir tashkilotlari direktorlari kengashi tarkibiga kiradi va yoshlar ta'limi, yetakchi ayollarning rivojlanishi va fuqarolarning jamiyat hayotidagi ishtirokini faol ravishda qo‘llab quvvatlaydi.

Oq Uyning “Jamiyatni ijobiy tomonga o‘zgarishiga qo‘shgan hissasi uchun” mukofotini qo‘lga kiritgan, ITA unga “Kompyuter texnologiyalari dunyosidagi yetuk ayol” unvonini berdi, CEC (Chikago tadbirkorlik markazi) esa unga va ContextMedia’ning yana bir ta'sischisiga ularning shahar ekotizimiga qo‘shgan hissasi uchun Chicagoness Award 2015 mukofotini taqdim etdi.

Outcome Health’ni qanday o‘ylab topdingiz va yaratdingiz?

U shaxsiy vaziyat sabab paydo bo‘ldi. Qarindoshlarda qandli diabet bor edi va men ular uchun kasallik to‘g‘risidagi ma'lumot naqadar muhim ekanini ko‘rdim. Hamkorlarim ham shunga o‘xshash vaziyatga duch kelishgan – ularda qandli diabetga chalingan qarindoshlar bo‘lgan. Surunkali kasallikda u batamom davolanmaydigan holatda bemor uchun davolanish variantlari haqida bilish muhim. Biroq bundan tashqari nima bilan ovqatlanish, sport bilan qanday shug‘ullanishni ham bilish kerak. Bularning bari diabetga chalingan odam hayotini butunlay o‘zgartirib yuborishi mumkin. Bunday odamlarga tor doiradagi ma'lumotlar kerak. Texnologiyalar tufayli buni bemalol amalga oshirish mumkin edi. Shuning uchun salomatlik va kasalliklar to‘g‘risidagi umumiy ma'lumotlar o‘rniga bemorlarga kerak bo‘lgan ma'lumotni yetkazish algoritmiga diqqatni qaratdik. Bu haqiqatan ham odamlarga yordam beradi.

Investorlar g‘oyangizga tezda ishonishdimi?

Investorlar biz yaratgan narsalarni mijozlarga haqiqatan ham yordam berishini diqqat bilan o‘rganishdi. Oxir-oqibat bizda kuchli kompaniyani ko‘rishdi.

Siz faoliyatni mohiyatan farmatsevtika reklamasidan boshlagansiz: vrachlar qabulxonasida ekranlar o‘rnatgansiz va ta'lim videolarini dorilar reklamasi bilan birgalikda namoyish etgansiz...

O‘n ikki yil avval ishga tushirilgan qabulxonalardagi teleekranlar - bizning ilk mahsulotimiz edi. Unda mutaxassisga aynan shu masalada murojaat etgan bemorlar uchun videolar ko‘rsatilgan. Qandli diabet kasalligiga chalingan bemorlar hayotini yaxshilash uchun bu kasallik bilan normal hayotda yashovchi odamlar, foydali retseptlar haqidagi videolar, yangi tibbiy texnologiya va dorilar to‘g‘risidagi lavhalar namoyish etilgan.

Hozir professional zaxiramiz ancha ko‘p. Bu vrachlar qabulxonasidagi planshetlar. Ularda bemorlar o‘z kasalliklarini tushunish uchun testdan o‘tishlari, ular uchun foydali bo‘ladigan tibbiy va shunga oid servislarga ulanishlari, masalan ularning kasalligida ruxsat etilgan ovqatni yetkazib berishga buyurtma berish kabi va h.k.amalga oshirishlari mumkin.

Vrachlar ofisidagi 32-dyuymli bu sensor ekranlar anatomik modellardagi 3D-kutubxonalarga ega. Shifokor bemorga yurakni ko‘rsatishi va tushuntirishi mumkin. Yoki oshqozon osti bezini ko‘rsatib, organizm insulinni qanday ishlab chiqarishini tushuntira oladi. Agar bemorlar so‘zlarni eshitish bilan cheklanmasdan, ma'lumotni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishsa, ular o‘z kasalliklarini yaxshiroq tushunadilar hamda  sog‘liqlariga e'tibor bera oladilar.

Startup Village’dagi chiqish vaqtida muvaffaqiyatli biznesni ijtimoiy javobgarlik bilan uyg‘unlashtirishning ahamiyati to‘g‘risida aytdingiz. Kompaniyangiz mahsulotlarining bir qismi ta'limga tegishli, biroq asosiy foydani reklamadan olasiz. Muayyan farmatsevtik kompaniyalarning muayyan dori preparatlari reklamasi – bemor uchun doim yaxshi variant deb hisoblaysizmi?

Men odamlarga yordam berish va bir vaqtning o‘zida muvaffaqiyatli biznes qilish mumkinligiga ishonaman. Biznes-modelimizni mantiqiy deb hisoblayman. Agar kishiga saraton tashxisi qo‘yilsa, uning yaqinlari davolanishning mumkin bo‘lgan variantlari to‘g‘risida bilishni istashadi. Internetda mustaqil ravishda izlash jarayonida qaysi ma'lumotga ishonish, ishonmaslikka imoningiz komil emas. Biroq odamlar bevosita klinikada olingan ma'lumotga ishonish mumkinligini bilishadi. Biz avtomobil va ko‘ngilochar sohani reklama qilish orqali pul ishlamayapmiz. Biroq bemorlarga ularni davolay oladigan va hayotini osonlashtiradigan dorilar, qurilma va texnologiyalar haqiqatan ham zarur.

Insulin reklamasini jamoat transportida namoyish etish hech qanday ma'noga ega bo‘lmaydi. Buni vrach qabulxonasi yoki xonasida, bemor davolanishning barcha variantlari haqida o‘ylayotgan vaqtda amalga oshirish kerak. Agar odam ko‘proq ma'lumotga ega bo‘lsa, bundan uning o‘zi ham, farmatsevtik kompaniya ham yutadi.

Sizning ma'lumotlaringiz yordam berayotganligi ko‘rsatkichini qanday qilib baholaysiz?

Bemorlar va shifokorlar o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazamiz. Klinika va boshqa sog‘liqni saqlash tashkilotlari bilan birga bemorlarning uzoq muddatdagi salomatligi holatini monitoring qilamiz: ular vrachga qanchalik tez-tez murojaat etishmoqda, tez yordam talab etiladimi yoki yo‘q kabi. Surunkali kasalliklarga ega bemorlar har kuni turli dorilar ichishlari kerak. Agar ular bu dorilar nima uchun ichilishi va qanday yordam berishini tushunishmasa, davolanishga har doim ham mas'uliyat bilan qaramaydilar, dorilarni o‘z vaqtida ichishmaydi. Biroq qanchalik ko‘p ma'lumotga ega bo‘lishsa, vrach ko‘rsatmalariga qat'iyroq munosabatda bo‘ladilar, kasallik kuchayishi holatlari kamroq kuzatiladi. So‘rovda ishtirok etgan 79 foiz bemorlar ularga keyinchalik davolanishda yordam bergan ma'lumotni biz orqali bilganlarini tasdiqlashgan.

Outcome Health ko‘pincha unicorn company (milliard dollardan ortiq turadigan xususiy kompaniya). Siz “yakkashoh” mavqeiga qanday qilib keldingiz?

Boshlaganimizda biznes vazifamizga diqqatimizni qaratganmiz, biz intilgan biznes unvonlar bo‘lmagan. Biroq katta kompaniyaga  aylanishimizga ishonganmiz – jahonda salomatlik to‘g‘risida yetarli ma'lumot mavjud emasligi muammosini ko‘rdik. Keyin texnologiyalar tezkor ravishda rivojlana boshladi!  12 yil avval planshet va boshqa gadjyetlar bo‘lmagan, bugun esa kerakli ma'lumotga ega planshetlarni biz bilan ishlayotgan har bir vrachning xonasiga o‘rnatyapmiz.

“Yakkashoh”mizmi yoki yo‘q, oldinda juda ko‘p ish turibdi. Bugun Outcome Health AQShdagi deyarli beshta shifokordan bittasining xonasida mavjud. Amerikaning o‘zida juda ko‘p imkoniyatlar bor. Bundan tashqari, global bozor ham mavjud. Shunday ekan, biz faoliyatimizni endigina boshladik deb hisoblaymiz.

Foto: Outcome Health

Siz JumpStart Ventures venchur fondini boshqarasiz. Siz qaysi sohalarga sarmoya kiritasiz?

Biroz vaqt oldin sog‘liqni saqlash sohasida ajoyib g‘oyalarga ega bo‘lgan ko‘plab yosh kompaniyalar paydo bo‘ldi. Ular nafaqat mablag‘, balki ustoz, tajriba va tanishlar ko‘rinishidagi ilk yordamga zarurat sezishardi. Biz ular bilan shaxsiy xatolarni bo‘lishish va boshqa tadbirkorlar tajribamiz asosida saboq olishlariga umid qildik. Albatta eng istiqbolli loyihalarni moliya jihatidan ham qo‘llab-quvvatlaymiz. Hozir bizning sarmoya portfelida 30 dan ortiq, asosan sog‘liqni saqlash va ta'lim sohalariga yo‘naltirilgan kompaniyalar bor. Biz bilan ishlayotgan tadbirkorlar bir tomondan o‘z sanoatlari realligidan uzilmaganligi, boshqa tomondan ushbu sanoatni o‘zgartirish uchun o‘z maqsadlarini yo‘qotmaganliklarini ko‘ryapmiz.

Gender notengligi mavzusi sizga yaqin. So‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash va venchur sarmoyalar sanoatida nimadir o‘zgardimi?

So‘nggi bir necha o‘n yillikda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida turli kishilardan iborat jamoalarni yaratish mahsuldor ekanini tushunishdi. Mahsulotni yaratish vaqtida fikrlashning bir turi yoki u faqat erkaklar tomonidan ixtiro etilishiga ko‘plab misollar mavjud. Bunday holatlarda boshqa segment iste'molchilari talablari nazardan chetda qoladi. Turli kishilar muammoga o‘zgacha yondashishlari mumkin, bu natijada kuchli reja, mahsulot va biznes yaratish imkonini beradi. Turli jins, madaniyat va tajribaga ega vakillardan jamoa tuzish – nafaqat to‘g‘ri, balki daromadli.

5 mlrd. dollarlik kompaniya egasidan startapchilarga maslahat

«Men endi faoliyat boshlayotgan tadbirkorlarga istiqboldagi iste'molchilar bilan yangi g‘oya ularning muammosini hal qila olish yoki hal qila olmasligi jihatidan maslahatlashishni tavsiya etaman. Ko‘pincha tadbirkorlar g‘oyalarini betakror deb hisoblaydilar, mijozlar esa o‘zgacha yechimni kutayotgan bo‘lishadi. Sarmoyador sifatida nimani kim uchun amalga oshirayotgani, ularning g‘oyasi qanday qilib ishlab ketishi mumkinligini tushunadigan jamoalarni izlayman. Ba'zida g‘oyangiz oydek ravshan bo‘lib tuyuladi, ammo nima uchun hech kim sotib olmayapti? Biroq hayotiy mahsulotni ishlab chiqish, brend obro‘sini qurish vaqt talab etadi. O‘z ishiga ishonchi hamda sabri yetarli bo‘lgan jamoalar g‘olib bo‘ladi. Bundan tashqari, shug‘ullanayotgan ishingizga nisbatan ishtiyoq juda muhim.

Yana bir maslahat – startda kompaniyangiz nimadan daromad olishi haqida o‘ylang. G‘oya har doim ham biznesga teng emas. Tadbirkor nafaqat mahsulot haqida, balki ular qanday qilib daromadli bo‘lishini ham o‘ylashi zarur».

Siz ko‘pincha immigratsiya borasidagi shaxsiy tajriba haqida gapirasiz. AQShda kelganingizda necha yoshda edingiz?

Endigina 18 yoki 19 yoshga to‘lgan edim. Men kollejga o‘qishga kirayotgandim.

Emigratsiya zaruratmidi yoki buni o‘zingiz istaganmisiz?

Onam akam bilan men AQShda ta'lim olishimizni istaganlar. Amerika ekotizimining biznes nuqtai-nazaridan rivojlanganligi tufayli, faqat bu sababligina emas. O‘qiyotganimda tadbirkor bo‘laman deya o‘ylamaganman. Biroq o‘tmishga nazar tashlab, umrim davomida amalga oshirgan tadbirkorlarga xos harakatlarimni ko‘raman. Kollejga o‘qishga kirayotganimda o‘qish va turli millat, din hamda o‘tmishga ega odamlar bilan muloqot imkoniyatlariga ega bo‘lishni istaganman. Bu izlanishlar meni dastavval Singapurga olib keldi, men u yerda maktabda ta'lim oldim, keyin esa AQSh va Chikagodagi kollejga bordim.O‘ylashimcha, aynan shu sababli ota-onam dunyo bo‘ylab sayohat qilishimiz va turli madaniyat vakillari hamda hayotiy tajribalar bilan tanishishimiz uchun qattiq harakat qilishgan. Chunki oxir-oqibat sen barcha odamlar o‘xshash umid, qo‘rquv va intilishlar bilan yashashlarini ko‘rasan.

Shrada Agarval fikriga ko‘ra, sog‘liqni saqlash tizimini o‘zgartiradigan 3 narsa

Birinchisi — men tibbiyot tuzatadigan emas, kasallikning oldini oladigan dunyoda yashashni – odamlar o‘z sog‘lig‘iga bartaraf etish kech, faqat azob bilan tuzatish qolgan vaqtda emas, avval boshdan e'tibor qaratishini istayman. Buning uchun barcha odamlarda salomatlik va sog‘lom ovqatlanish haqida o‘zgacha sifatdagi xabardorlik, mavjud qo‘llab-quvvatlash tizimlari haqida ko‘proq ma'lumot kerak bo‘ladi.

Ikkinchisi – mijoz uchun tibbiyotda tushunarlilik juda muhim. Har qanday inson atrofida aqlbovar qilmas miqdordagi ma'lumot bor. Ba'zida shifokorlar boshqa tilda gapirayotganga o‘xshaydi. Bu shifokorlarning tor doiradagi ta'limi tufayli sodir bo‘ladi. Shifokorlarga tibbiyot institutini tugatmagan odamlarga oson til bilan  tushuntira olish qobiliyati zarur. Ana o‘shanda bemorlar ular bilan nima sodir bo‘layotganini tushunishi va shifokor tavsiyalari asosida ongli ravishda qarorlar qabul qilishlari mumkin.

Uchinchisi – tibbiyotga oid muammolarni turli jihatdan yechishni boshlaymiz. Shifokorlar bilan videoaloqa orqali konsultatsiyalar o‘tkazish imkonini beradigan teletibbiyot rivojlanyapti. Bu ham shifokor, ham bemor vaqtini tejaydi. Mutaxassisdan yarim soatda tezda konsultatsiya olish va to‘liq qabul uchun yarim kunni ketkazmaslik imkoni paydo bo‘lmoqda.

Agar sizda Hindistonda xuddi shunday ta'lim olish va kompaniyaga asos solish imkoniyati bo‘lganida u yerda qolarmidingiz? 

Bu ajoyib savol. Turli shahar va mamlakatlarda turli ekotizim va qo‘llab-quvvatlashning o‘ziga xos tizimlari mavjud. Masalan, Silikon vodiysi butun dunyodan IT-tadbirkorlarni jalb etishi bilan mashhur. U yerda moliyalashtirishning yo‘lga qo‘yilgan tizimi bor, iste'dodlar, o‘zaro hamkorlik qilish, o‘rganish mumkin bo‘lgan o‘xshash kompaniyalar mavjud. Kompaniyamizni Chikagoda qurdik. Bu yerda qanchalik mehnatkash odamlar yashashi, o‘z ishlariga qay darajada sodiqliklarini ko‘rdik. Aynan Chikago shahrida joylashgan, sog‘liqni saqlash sohasidagi kompaniyalar bilan ishlash ham muhim edi.

Shrada Agarval
Foto: Antonio Perez

Kompaniyani ko‘p joyda qurish mumkin va bu siz ishlashni rejalashtirayotgan sanoatga bog‘liq. Men doim sarmoyadorlarga emas, mijozlarga ergashishni tavsiya qilaman. Chunki mahsulotingiz xaridorlarga ma'qul va uning uchun haq to‘lashga tayyor bo‘lsalar, investorlar o‘zlari kelishadi. Shuning uchun investorlar uchun emas, mijozlar uchun kompaniya yarating. Joyni tanlashda ideal mijozingiz qayerda ekani va unga dunyodagi eng yaxshi xizmatni ko‘rsatish haqida o‘ylang.

Biznesingizni hozirdagi mablag‘ va muvaffaqiyat bilan Hindistonda kengaytirishni istarmidingiz?

Biznesni qaysi tomonga qarab kengaytirishni vaqt ko‘rsatadi, oldindan aytish qiyin. Biroq sog‘liq to‘g‘risidagi ma'lumotni olish imkoniyati hammada bo‘lishi kerak deb hisoblayman. Biz kompaniya o‘z faoliyatini endi boshlayotganida ana shunga umid qilganmiz.

Top