07:59 / 13.07.2018
35031
Yashash uchun eng qimmat shaharlar reytingi tuzildi
Tsyurix /Foto: Dreamstime

Shveytsariyaning Tsyurix va Jyeneva shaharlari yashash uchun dunyodagi eng qimmat shaharlar deb topildi. Bundan UBS AG banki tomonidan o‘tkazilgan Prices and Earnings (Narxlar va daromadlar) tadqiqoti ma'lumotlari darak bermoqda.

Reytingning yetakchi beshtaligidan Oslo, Kopengagen va Nyu-York ham joy olgan. Ro‘yxatga hammasi bo‘lib 77 ta shahar kiritilgan.

Tadqiqotga ko‘ra, Tsyurixda turar-joy ijarasidan tashqari, minimal tovarlar va xizmatlar to‘plamini ta'minlaydigan har oylik daromad 4260 dollarni tashkil qiladi. Jyenevada bu ko‘rsatkich 4165 dollar, Nyu-Yorkda esa 3673 dollarga teng.

Rossiyaning eng yirik shaharlari Moskva va Sankt-Peterburg 54- va 51-o‘rinlarni egallagan. Rossiya poytaxtida bir oy yashash xarajatlari 2260 dollar, Peterburgda esa 2300 dollarni tashkil qiladi.

Reytingdan o‘rin olgan eng arzon shahar Qohira bo‘lgan, bu yerda bir oy yashash uchun 1272 dollar zarur bo‘ladi. 

UBS ma'lumotlariga ko‘ra, o‘rganilgan shaharlar ichida eng qimmat ovqat Jyeneva va Tsyurixda, eng arzoni esa Kiyev va Lagosda ekanligi o‘rnatilgan. Turar-joy ijarasi bo‘yicha Honkong va Nyu-York (oyiga 4000 dollar) reytingning eng yuqori pog‘onalarini egallagan.

Bundan tashqari, tadqiqotchilar biror shaharda yashovchi odam “Big-Mak” va iPhone sotib olishi uchun qancha vaqt ishlashi kerakligini ko‘rsatuvchi “Big-Mak” va “iPhone” indekslarini ham taqdim qilishgan.

“Big-Mak indeksi”ga Honkong, Taybey va Tokio 12 daqiqa vaqt bilan yetakchilik qilmoqda, ya'ni bu shaharlarda yashovchi odamlarga bir dona “Big-Mak” sotib olish 12 daqiqa ishlash kerak bo‘ladi. 

iPhone’ning oxirgi modelini sotib olish uchun Moskvada yashovchi odam kuniga 8 soatdan 7,5 hafta ishlashiga to‘g‘ri kelar ekan. Bu boradagi yetakchi shaharlar esa Tsyurix (38,2 soat), Jyeneva (47,5 soat) va Nyu-York (54 soatdan ko‘proq) bo‘ldi.

Top