13:13 / 14.07.2018
25009

Ulug‘bek Rahmatullayevning litsenziyasi qaytarib berildi

Foto: Instagram/Ulug'bek Raxmatullayev

Joriy yilning 27 iyunidan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ulug‘bek Rahmatullayevning  viloyatlarda o‘tkazilgan tadbirlarda ishtirok etmaganligi tufayli xonandaning litsenziyasi tugatilganligi haqida xabar bergan edik. Oradan yarim oy vaqt o‘tib, «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi taniqli xonandaning litsenziyasini qaytarib berdi.

Muassasa rasmiy saytining bildirishicha, Ulug‘bek Rahmatullayev tashkilotga murojaat bilan chiqib, o‘z xatosini tushunib yetganligini va o‘z tashabbusi bilan chekka hududlarda konsert berish niyatida ekanini bildirgan.

Uning bu murojaati muassasa tomonidan qo‘llab-quvvatlangach, xonanda joriy yilning 10 iyul kuni Samarqand viloyatining Nurobod tumani, Jom qishlog‘ida o‘zining xayriya konsert dasturini taqdim etgan.

«Ulug‘bek Rahmatullayevning o‘z xatosini tushunib yetganligini va o‘zi tashabbus ko‘rsatib xayriya konsert dasturini namoyish etganligini inobatga olib, «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi huzuridagi Ijodiy ko‘maklashuvchi vakillar guruhi yig‘ilishida 11 iyuldan xonandaning  litsenziyasi qaytarib berilishi ma'qul deb topildi», - deyiladi tashkilotning rasmiy bildirishida.

Top