19:00 / 19.07.2018
28576

Sherzod Shermatov: «Endi barcha davlat idoralari o‘qituvchilarga xalaqit qilishi emas, yordam berishi kerak»

Foto: KUN.UZ

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov Shavkat Mirziyoyev tomonidan 17 iyul kuni o‘tkazilgan yig‘ilishni «xalq ta'limi sohasida inqilobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ladigan tarixiy voqea» deb atadi. U o‘z Facebook sahifasida shu haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashgan.

«Bundan buyon endi barcha davlat idoralari maktab va o‘qituvchilar faoliyatiga xalaqit qilishi emas, balki ko‘maklashishi kerak! Aks holda Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan yangi siyosatga qarshi chiqqan bo‘ladi!» deb yozdi xalq ta'limi vaziri.

Vazirning ma'lum qilishicha, prezident tomonidan berilgan shuncha topshiriqlardan keyin ham joylarda xalq ta'limi tizimi xodimlariga tazyiq o‘tkazish holatlari kuzatilsa, O‘zbekiston Respublikasi bosh prokuroriga bunday holatlarga juda qat'iy chora ko‘rish topshirilgan.

«Shuning uchun barcha darajadagi rahbarlardan Prezidentimizning xalq ta'limi tizimi xodimlarini o‘z funksional vazifalaridan boshqa ishlarga jalb etmaslik bo‘yicha topshiriqlarini so‘zsiz ijrosini ta'minlashlarini kutib qolamiz», - deb yozgan Sherzod Shermatov.

«Xalq ta'limi tizimining 580 mingdan ortiq vakillari uchun esa kechagi yig‘ilish o‘ziga xos bayram bo‘lishi bilan birgalikda, juda katta mas'uliyat yuklaydi. Barchamiz davlatimiz rahbari tomonidan yaqin 3-4 yil uchun belgilab berilgan ushbu ulkan vazifalarni to‘laqonli va sifatli amalga oshirish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etishimiz zarur!» - deya fikr bildirgan xalq ta'limi vaziri.

Shermatovning qo‘shimcha qilishicha, ushbu vazifalar ijrosi yuzasidan yaqin kunlarda tegishli hujjatlar loyihalari tayyorlanib rahbariyatga kiritiladi.

Qayd etish joiz, xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida O‘zbekistonda ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilishini ma'lum qilgan.

Top