15:16 / 20.07.2018
13993

Qo‘l jangi federatsiyasi rais o‘rinbosari bilan eksklyuziv intervyu

O‘zbekiston Respublikasida so‘nggi ikki yil ichida har bir sohada sezilarli islohotlar amalga oshirildi. Xususan, sport sohasida ham. Buni biz boks sport turi misolida ko‘rishimiz mumkin. Yurt bayrog‘ini Olimpiya arenalarida hilpiratib, faxrli o‘rinlarni olib kelgan sportchilarimiz bunga yaqqol misol. 

Lekin boshqa sport turlarichi? Ular ommalashmoqdami? Ularga yetarli e'tibor qaratilmoqdami? Shu va shu kabi o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob olish uchun O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari qo‘l jangi federatsiyasi rais o‘rinbosari Baxtiyor Mirzaqulov bilan suhbatlashdik.

Qo‘l jangi sport turi – kurash, karate va boksning qorishmasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Qo‘l jangi sport turi sobiq ittifoq davrida tashkil etilgan sport turi hisoblanadi. Bu sport turidan o‘sha davrdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘zlarini himoya qilish uchun foydalanishgan. Ma'lum muddat cheklangan doiradagi shaxslar foydalangan sport turi hisoblanadi. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, bu sport turi aholi o‘rtasida ommalasha bordi. 1994 yilda O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari qo‘l jangi federatsiyasi tashkil etildi. Shundan beri bu sport turi rivojlanishda davom etdi.

«So‘nggi yillarda qo‘l jangi sport turi ancha ommalashdi. Boks bilan bemalol sog‘lom raqobat qilyapmiz. 2017 yil Osiyo chempionatida faxrli 1-o‘rin, Vengriyada o‘tkazilgan ochiq chempionatda 1-o‘rin, bir necha bor Jahon chempionatlarida faxrli 1-o‘rinlarni (individual va jamoaviy yo‘nalishda) qo‘lga kiritib kelmoqdamiz. 


Muxlislarimiz soni ham oshib bormoqda. Shaffoflikni ta'minlash uchun o‘tkazilayotgan musobaqalarga kamera nazorati va muxlislar xolis kuzatib borishi uchun tablolar o‘rnatmoqdamiz. Hatto musobaqa joyiga sig‘magan tashqaridagi muxlislarga katta ekranlar o‘rnatib beryapmiz. Navoiy va Andijonda bo‘lgan musobaqalar so‘zimning isboti.

Men shogirdlarimga chet eldagi musobaqalar oldidan shunday deyman: “Siz vataningizning yuzisiz. Ringga chiqqaningda ikkita raqibing bo‘ladi. Biri haqiqiy raqibing, ikkinchisi sudya. Ikkalasiga ham imkon qoldirma. Raqibni yer tishlat”.


Shogirdlarim vatan madhiyasini ham haqiqiy vatanparvarlardek jonli aytishadi. Hatto bir-ikki raqib jamoalar hazilomuz tarzda: “Tinmay yutaversangiz bu ketishda biz ham yodlab olamiz shekilli”, deyishdi. Nima bo‘lganda ham ortimizda O‘zbekiston turadi», - deb aytdi federatsiya rais o‘rinbosari Baxtiyor Mirzaqulov.

Federatsiya rais o‘rinbosari, shuningdek, qo‘l jangi sporti bilan necha yoshdan shug‘ullanish mumkinligi, byudjyet masalasi qanday hal etilayotgani, boks kabi qo‘l jangi sport yulduzlari kim ekanligi, nega ko‘p tezkor organ xodimlari bu sport bilan shug‘ullanishi, qo‘l jangi bilan shug‘ullangani kelgan yoshlar ma'muriyat tomonidan qanday nazorat qilinishi va boshqa qiziqarli savollarga javob berdi. Kelajakda amalga oshirilishi ko‘zlanayotgan rejalari haqida aytib berdi.

O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari qo‘l jangi federatsiyasi rais o‘rinbosari Baxtiyor Mirzaqulov bilan bo‘lgan intervyuni to‘liq ravishda quyidagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid
Top