22:02 / 21.07.2018
10334

KNOC, SACOR kompaniyalari nega O‘zbekistonga qiziqish bildiryapti?

Foto: Pasardana

Caspian&Europe Upstream neft-gaz kompaniyasi bosh tahlilchisi Eshli Shermanning fikricha, O‘zbekistonning neft-gaz sohasida mintaqa va hatto global miqyosda raqobatlashishga potensiali yetadi​. U bu haqda Trend'ga bergan intervyusida ​fikr bildirgan.

"Koreya Milliy neft korporatsiyasi hamda Ozarbayjon davlat neft kompaniyasi - SOCAR'ning O‘zbekistonda yangi neft-gaz manbalarini aniqlashga bo‘lgan qiziqishi sohani jadallashtirishga xizmat qiladi. 

O‘zbekistonda yaqin yillar ichida qator iqtisodiy islohotlarni (valyuta liberalizatsiyasi va erkin konvertatsiya tizimi) amalga oshirildi. Bu, albatta, neft-gaz sektoriga ham ijobiy ta'sir etmoqda. Qulay biznes muhiti va hududiy aloqalar yaxshilanmoqda. Xalqaro investorlar O‘zbekistonda yaratilgan sharoitlarni yuqori baholashyapti. 

CNPS o‘tgan yili Qorako‘lda gaz loyihasini amalga oshirishga kirishgan bo‘lsa, "Gazprom" gaz maydoni bo‘yicha shartnoma imzoladi. O‘zbekistonning neft-gaz sohasida mintaqa va hatto global miqyosda raqobatlashishga potensiali yetadi. Sho‘rtangaz kompleksi va 2.2 mlrd.AQSh dollariga baholangan Jizzax neftni qayta ishlash zavodi uchun GTL obektini tashkil qilishga yetarli mablag‘ va xalqaro mutaxassislar yordami kerak. Texnologiyani litsenziyalash xalqaro ko‘mak olishga, natijada, yanada ko‘proq neft-gaz konlarini ochishga imkon yaratib beradi”.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 16 may kunida "O‘zbekneftgaz", SOCAR (Ozarbayjon) va BP Exploration o‘rtasida geo-qidiruv texnik ishlarni hamkorlikda olib borish bo‘yicha memorandum imzolagandi. Bu mamlakatga xorij texnologiyasining kirib kelishi, keng qo‘llanishi hamda mahalliy mutaxassislar mahorati oshishiga katta xizmat ko‘rsatadi.

Shu yilning dastlabki 5 oyida O‘zbekistonda 466 ming tonna gaz ishlab chiqarildi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0.6 foiz o‘sish ko‘rsatkichini qayd etdi.​

Top