14:39 / 21.07.2018
21627

O‘zbekistonda jamg‘armani dollarda emas, balki so‘mda saqlash tobora afzal ko‘rilmoqda

Foto: KUN.UZ

Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda qatnashganlarning aksariyati shaxsiy jamg‘armalarni bank hisoblarida saqlash yaxshiroq, deb hisoblaydi. Bu haqda Markaziy bankning «O‘zbekiston Respublikasi aholisi va korxonalarining inflyatsion kutilmalari» hisobotida aytiladi.

Yanvar-iyun oylarida o‘tkazilgan so‘rovda 750ta jismoniy va 300ta yuridik shaxs qatnashdi.

Natijalarga ko‘ra, respondentlarning deyarli uchdan bir qismi jamg‘armalarni bankdagi hisobda so‘mda saqlash yaxshi, deb javob berishdi. Eng kam respondentlar (taxminan 9%) bankda chet el valyutasida saqlash imkoniyatini tanladi. Taxminan 18% fikriga ko‘ra, jamg‘armalarni qisman bankda, qisman naqd pulda saqlash yaxshi.

Joriy tadqiqot yilning dastlabki uch oyida amalga oshirilgan ishlarning davomi bo‘ldi. O‘shandan beri respondentlarning fikri ko‘p jihatdan o‘zgarmadi, aholining so‘mga nisbatan munosabati haqida bunday deyish mumkin emas.

Misol uchun, mart oyida respondentlarning faqat 16 foizi pulni naqd so‘mda saqlash yaxshiroq degan bo‘lsa, iyun oyida bunday miqdori 24 foizni tashkil etdi.

Shunga ko‘ra, mart oyida respondentlarning 24 foizi pulni naqd xorijiy valyutada saqlash yaxshi deb hisoblagan bo‘lsa, iyun oyida ular faqat 16 foizni tashkil etgan.

Shunday qilib, o‘zbekistonliklar pullarni dollarda emas, balki so‘mda saqlashni afzal ko‘rmoqda. Markaziy bankning qayd etishicha, bu aholi orasida so‘mning jozibadorligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan sa'y-harakatlarga ta'sir ko‘rsatmoqda - yil boshidan beri milliy valyuta faol sur'atlarda mustahkamlanib, hatto MDH davlatlari orasida yetakchilikka erishdi.

Avvalroq, dollar kursi sentabr oxirida qancha bo‘lishi taxmin qilingandi.

Top