20:55 / 24.07.2018
3553

USAID O‘zbekiston bog‘dorchilik korxonasiga 17 mln dollarlik shartnomalar imzolashda yordam berdi

AQSh hukumati AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali O‘zbekistondagi bog‘dorchilikka ixtisoslashgan korxonalarga mahalliy va xalqaro biznesni rivojlantirishda ko‘mak berib kelmoqda. Bu ko‘mak o‘zbek kompaniyalarini eng so‘nggi o‘simlik mahsulotlari va texnika vositalari yetkazib beruvchi AQSh firmalari bilan aloqa o‘rnatish hamda o‘z eksportlarini kengaytira olishlari uchun ularni yangi xalqaro bozorlarga tanishtirishni o‘z ichiga oladi, deya xabar qilingan Qo‘shma Shtatlarning O‘zbekistondagi elchixonasi saytida.

AQSh Davlat kotibi yordamchisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Henri Ensher shunday yordam olayotgan korxonalarning biri – “Gold Dried Fruit Export” (GDF) mas'uliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurdi. USAID ko‘magida, yetishtirayotgan yong‘oqlarining sifatini yaxshilash uchun GDF Kaliforniyada joylashgan amerikalik ishlab chiqaruvchidan ko‘chatlar sotib oldi. Shuningdek, xo‘jalik faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida u Amerikadan qishloq xo‘jalik texnikasini ham xarid qildi.  

Foto:  AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi

Korxona bozorlarini kengaytirish maqsadida USAID ushbu kompaniyaga eksport bozoridagi potensial xaridorlar bilan aloqa bog‘lashda yordamlashib, uning ishlab chiqarayotgan mahsuloti sifatini yaxshilash bo‘yicha maslahatlar berdi. 

Shu yil 9-14 aprel kunlari Boltiqbo‘yiga uyushtirilgan bog‘dorchilikka oid savdo uchrashuvi hamda transport va logistika bo‘yicha o‘quv safari natijasida GDF kompaniyasi Latviya va Litvaning oltita kompaniyasi bilan 17 million dollardan ortiq summaga hamkorlik shartnomalari imzoladi.

GDF 2012 yili tashkil etilgan bo‘lib, yangi, quritilgan va muzlatilgan bog‘dorchilik mahsulotlari ishlab chiqaradi hamda ularni mahalliy bozorga va eksport qilish uchun qadoqlab, yetkazib beradi. Jahon bozorida O‘zbekistonda yetishtirilgan quruq mevalar va sabzavotlarning sotishga yaroqliligini oshirish maqsadida 2013 yili GDF yetti gektar hududda qayta ishlab chiqaruvchi zavod qurdi. 2015 yili esa bu zavod yonida tayyor mahsulotni saqlash, muzlatish va qadoqlash uchun yuqori texnologiyaga asoslangan sovutgich omborxonasi barpo etildi.

Top