19:51 / 26.07.2018
31554

Abdulaziz Komilov: Biz AQShga o‘zimizni oqlash uchun kelganimiz yo‘q

Foto: Amerika ovozi

Avval xabar qilinganidek, 2018 yil 25 iyul kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Vashingtondagi milliy press-klubda «O‘zbekistonda diniy erkinliklarning yangi davri» mavzuida maxsus brifing o‘tkazdi.

Tadbirdan so‘ng O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri «Amerika ovozi» muxbiriga intervyu berdi.

«AQSh poytaxtida diniy erkinlik haqida gapirish nima uchun O‘zbekistonga juda muhim ahamiyatga ega», degan savolga vazir shunday javob berdi:

«Amerika bilan munosabatlarimiz kecha rivojlanishni boshlamadi. Diniy erkinlik masalasi kun tartibida. O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi munosabatlarda bu masala qanday ahamiyatga ega? Birinchidan, u inson huquqlari bilan bog‘liq. Ikkinchidan, bu tinchlik bilan bog‘liq. Uchinchidan, har bir inson o‘z manfaatlariga ega.

Davlat o‘z xalqi va fuqarolarining manfaatlarini hurmat qilishga, shuningdek, barcha sharoitlarni yaratishga majbur. Shu bilan birga, bizda o‘zimizning an'analarimiz, katta tajribamiz bor. Masalan, O‘zbekistonda ko‘p yillar davomida turli dinlar vakillari tinchlik va hamjihatlikda yashab kelmoqdalar. Shu bilan birga, ular orasida hech qachon muammolar va qarama-qarshilik bo‘lmagan.

 Har zamonda O‘zbekiston haqida turli tanqidiy materiallar chiqmoqda, lekin biz o‘zimizni oqlash uchun AQShga kelmadik. Biz chuqur tajribamizni taqdim etmoqchimiz. Biz qandaydir muammolarni birgalikda hal qilish niyatidamiz».

Shu bilan birga, Abdulaziz Komilov qandaydir xavotirlar uchun jiddiy asos yo‘qligini ta'kidladi. U O‘zbekistonda kichik guruhlar faoliyatiga oid ba'zi muammolar mavjudligini bildirib, ular hozirda hal qilinayotganini aytdi.

Top