13:45 / 26.07.2018
3235

Qozog‘istonning ikki shahrida O‘zbekistonning bosh konsulxonalari ochilishi rejalashtirilgan

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi 2018 yilning birinchi yarim yilligidagi konsullik faoliyati to‘g‘risida hisobot e'lon qildi. 

Hisobotda aytilishicha, o‘tgan yarim yillikda Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalari tomonidan 186 128ta konsullik harakati amalga oshirildi.  

Hisobot davrida chet el fuqarolariga 131 535ta kirish vizasi berildi, O‘zbekiston Respublikasiga qaytish uchun 16805ta sertifikat rasmiylashtirildi, 3117ta biometrik pasport berildi, FHDYoga doir 6371ta harakat amalga oshirildi, fuqarolik masalalariga doir (fuqarolikka qabul qilish, chiqish, yo‘qotish va tegishli emaslik) 7844 ariza qabul qilindi.

Eng ko‘p konsullik harakatlari O‘zbekiston Respublikasining Turkmaniston (21870), Tojikiston (16567), Rossiya (14421), Qozog‘iston (14083) va Xitoydagi (10882) elchixonalarida amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularga o‘z vaqtida konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni takomillashtirish choralarini amalga oshirish doirasida 2018 yil mart oyida Rossiya Federatsiyasi hududida Sankt-Peterburg shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh konsulxonasi o‘z faoliyatini boshladi.

«Bundan tashqari, Qozog‘iston hududida Almati va Aktau shaharlarida O‘zbekiston Respublikasi bosh konsulxonalarini ochish masalasi ko‘rib chiqilmoqda», - deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 3 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq 2018 yil 10 fevraldan Isroil, Indoneziya, Koreya Respublikasi, Malayziya, Singapur, Turkiya va Yaponiya fuqarolari uchun 30 kunlik muddatga vizasiz tartib joriy etildi. Ushbu farmon bilan 2018 yil 10 fevraldan boshlab 39ta davlat fuqarolari uchun turistik vizalarni rasmiylashtirishning soddalashtirilgan tartibi kiritildi.

Top